Kolumbiyalik senator va prezidentlikka nomzod Migel Uribe iyun oyidagi saylovoldi tashviqotida olgan jarohatidan so‘ng kasalxonada vafot etdi. Bu haqda The Guardian nashri xabar qildi.
Senator joriy yilning 7 iyun kuni saylovoldi tadbiri davomida suiqasdga uchrab, boshidan o‘q yegan. U to‘qqiz hafta davomida davolangani va bir nechta jarrohlik amaliyotlarini boshdan kechirganiga qaramay, 11 avgust kuni jon berdi.
“Bolalarimizga o‘zim g‘amxo‘rlik qilaman, Xudodan esa menga sensiz yashashni o‘rganish yo‘lini ko‘rsatishini so‘rayman”, deb yozgan uning rafiqasi o‘zining ijtimoiy tarmoq sahifasida.

Otishma sodir etganlikda ayblangan 15 yoshli bola jinoyat sodir etilganidan keyin bir necha soat ichida qo‘lga tushgan. Shuningdek, ushbu voqeaga aloqador 6 kishi hibsga olingan, biroq politsiya suiqasdning “intellektual mualliflari”ni taʼqib qilayotganini bildirdi.
Voqea yuz bergan kuni ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan videolarda Uribe mehnat islohoti to‘g‘risidagi qonun loyihasi bo‘yicha ilgari surilgan referendumni va prezidentning neft sanoatiga qo‘ygan cheklovlarini tanqid qilgan edi.
Maʼlumot uchun, Migel Uribe taniqli siyosiy oila aʼzosi va o‘ng qanot muxolifat deputati edi.
Izoh (0)