AQSH Maxfiy xizmati 15-avgust kuni bo‘lib o‘tadigan Vladimir Putin va Donald Tramp prezidentlari sammiti oldidan Alyaskaning eng yirik shahri Ankorijda olti xonali uyni ijaraga olgan. Bu haqda ko‘chmas mulk agenti Larri Disbrouga tayanib, The New York Times gazetasi xabar bermoqda.

“Bugun ertalab AQSH Maxfiy xizmatidan men bilan bog‘lanishib, mening ixtiyorimdagi ko‘chmas mulk obyektlari mavjudligini so‘rashdi. Tarixiy nuqtai nazardan Alyaskaning bunday uchrashuvlar uchun jozibador joy ekanligini tushunaman. Ammo bu meni hayratga soldi, albatta”, dedi Disbrou.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Oq uy uchrashuv o‘tkaziladigan aniq joyni e’lon qilmagan.
Ankorij meri Syuzanna LaFransning gazetaga aytishicha, u sammitning o‘z shahrida o‘tkazilishi mumkinligi haqida hech qanday ma’lumot olmagan. U Alyaska uchun yetakchilarni qabul qilish “odatiy hol” ekanligini ta’kidlab, shtatni “butun dunyo yo‘llari chorrahasi” deb atagan.
Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddati davomida Alyaskaga kamida besh marta tashrif buyurgan bo‘lib, ko‘pincha Elmendorf-Richardson qo‘shma harbiy bazasida to‘xtagan. Putin bilan uchrashuv respublikachining yanvar oyida Oq uyga qaytganidan beri shtatga birinchi rasmiy tashrifi bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Maxfiy xizmat AQSH Ichki xavfsizlik vazirligiga bo‘ysunadi. Uning vazifalariga prezident va vitse-prezident, sobiq davlat rahbarlari va ularning oila a’zolari hamda boshqa yuqori martabali amaldorlarning xavfsizligini ta’minlash kiradi. Xizmat xodimlari tadbirlar o‘tkaziladigan joylarni ko‘zdan kechirib, huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda xavfsizlik choralarini tekshiradi.
Tramp 8-avgust kuni 15-avgust kuni Alyaskada Putin bilan uchrashishga umid qilayotganini ma’lum qilgan edi. Keyinchalik bu muzokaralarni o‘tkazish rejalarini Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov tasdiqladi. Uning aytishicha, rahbarlar Ukraina inqirozini uzoq muddatli tinch yo‘l bilan hal qilish variantlarini muhokama qilishga e’tibor qaratishadi. Ushakov yana aniqlik kiritib, Kreml Putin va Trampning navbatdagi uchrashuvi Rossiya hududida bo‘lib o‘tishini kutayotganini bildirdi.
Izoh (0)