O‘zbekistonda aholini ijtimoiy himoyalash tizimidagi hamma rahbar ham samarali ishlay olmayapti. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yig‘ilishda maʼlum qilingan.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mamlakatda kambag‘al oilalarga biriktirilgan rahbarlarning ming nafari natija ko‘rsata olmagan. Shundan 184 nafari ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar xonadoniga biror marta ham bormagan.
“Yig‘ilishda hamma rahbarlar ham ehtiyojmand aholini ishli qilib, daromadini ko‘paytirish, ularga manzilli ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatishni to‘g‘ri tashkil qila olmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Nogironligi bor shaxslar bandligi darajasi respublikada 20 foizga yetgani bilan, bu ishlar Jalaquduq, Chimboy, Pastdarg‘om, Chortoq va Denov tumanlarida qoniqarsiz. Mutasaddilarga ushbu tumanlarni namunali qilish, har bir masʼulga aniq vazifa belgilash topshirildi”, deya qayd etgan manba.
Shu bilan birga, majlisda kelgusi yil investitsiya dasturiga kiradigan 598 ta ijtimoiy obyekt loyihasi nogironligi bor odamlarga moslab ishlab chiqilmagani tanqid qilingan. Mazkur viloyat, tuman hokimlariga xatolarni to‘g‘rilash topshirilgan.
Avvalroq Jahon banki O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 800 million dollar past foizli kredit ajratishi xabar qilingandi. Mazkur mablag‘larning bir qismi ijtimoiy himoya tizimiga yo‘naltirilishi qayd etilgan. Xususan, bunda fuqarolarning muayyan toifalari uchun ishsizlik, kasallik va onalik nafaqalari qamrovini kengaytirish nazarda tutilgan.
Izoh (0)