Qonunchilik palatasining 3-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida deputatlar 2024-yil davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga xarajatlarni ko‘paytirishni nazarda tutuvchi tuzatishlarni uch o‘qishda maʼqulladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi yil davomida xarajatlarni ko‘paytirish bo‘yicha ruxsat so‘rab parlamentga murojaat qilmadi. Shu bilan birga, biror xarajatlarning zarurligi to‘g‘risida deputatlarga hisobot bermagan. Vazirlik yil oxiriga kelib tuzatishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini kiritdi.
Mazkur tuzatishlarni ko‘rib chiqish esa Qonunchilik palatasida 9 daqiqa davom etdi. “Gazeta.uz”ning aniqlik kiritishicha, ushbu jarayon 2023-yilda taxminan 20 daqiqa, 2022-yilda 30 daqiqa davom etgan.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov esa 5 daqiqa davomida nutq so‘zladi. So‘ngra deputatlar hujjatni birdaniga uch o‘qishda qabul qildi. Bu orada esa hech qanday savol berilmadi, muhokama bo‘lmadi. Ovoz berish natijalaridan maʼlum bo‘lishicha, birorta ham deputat qarshi ovoz bermagan.
O‘zgarishlarga ko‘ra, vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va boshqa davlat organlarining xarajatlari qo‘shimcha ravishda 9,98 trln so‘mga (yoki 775,8 mln dollar) — 255,4 trln so‘mdan 265,4 trln so‘mga oshiriladi.
Byudjet tashkilotlarining ayrim xizmat turlari bo‘yicha ish haqi, pensiya va nafaqalar hamda tariflarni oshirish bilan bog‘liq xarajatlarga qo‘shimcha ravishda 2,43 trln so‘m (jami 11,98 trln so‘m) ajratildi. Ahadbek Haydarovning taʼkidlashicha, davlat xarajatlarining oshishiga quyidagilar sabab bo‘lgan:
- taʼlim kreditlarini moliyalashtirish jamg‘armasiga 841 mlrd so‘m transfertlar;
- ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan allergik va ikkilamchi immunitet tanqisligi kasalliklarini davolash uchun ingalyatsion preparatlarni bepul taqsimlash — 30 mlrd so‘m;
- madaniyat va sanʼatni rivojlantirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, Madaniyat vazirligining markaziy apparati va hududiy bo‘linmalarini moddiy rag‘batlantirish uchun — 100 mlrd so‘m;
- isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga bir martalik yordam to‘lovlari va elektr energiyasi va gaz narxlarining bazaviy meʼyoridan oshganligi o‘rtasidagi farqning o‘rnini qoplash — 592 mlrd so‘m;
- mahallalardagi eng dolzarb infratuzilma masalalarini hal etish — 1,344 mlrd so‘m.
Jamoatchilik faollari munosabatlari
Iqtisodchi Otabek Bakirov “bitta bo‘lsa ham deputat kerak”, demoqda.
“Qonunchilik palatasi zalida qo‘r to‘kib o‘tirgan bironta po‘rim mavjudot 10 trln so‘mga oshgan byudjet xarajatlari haqida bironta savol berishni lozim ko‘rmagan. Shuning uchun ham bizga, o‘zbekistonliklar irodasi va manfaatlarini hech qursa eslatib turish uchun Parlamentda rosmana saylangan bitta bo‘lsayam mustaqil deputat kerak.
Narxi oshgan oltindan bebiliska tushumlarni sovurayotgan FRRU, zararkunanda va parazit banklarga berilayotgan trillionlar yoki Singapur-Somali darsliklari uchun ajratilayotgan trillionlar haqida so‘rashga ularning aqli yetmas yoki qo‘rqishar.
Lekin kelib-kelib, kam taʼminlanganlar va bolalar nafaqasidan tejab qolingan 2 trln so‘m haqida ikki og‘iz so‘rov berishga bitta insofli topilmagani qiziq. Axir shu ikki trillion nochorlardan olinib, boshqa maqsadlarga sarflanmoqda-ku. Nahotki, ayollar va bolalardan qisib olingan 2 trln so‘m qayoqqa yo‘naltirilishi qiziq bo‘lmagan bo‘lsa? Sizlar o‘zi kimsizlar?
Nima bo‘lgandayam, bir taskin bor: bularni men saylamaganman, kim bularni tayinlanganiniyam bilmayman, bular mening xohish irodalarimni, qadriyatlarimni ifoda yetmaydi”, deb yozadi Bakirov.
Sobiq deputat Rasul Kusherbayev “Prezidentning ijtimoiy adolatni tiklash tashabbusini yo‘q qilgan yangi byudjet”, deya fikr bildirdi.
“Yomon tomoni shuki, qabul qilingan byudjetga ko‘ra, davlat maktablarida o‘quvchilarga o‘quv darsliklar pulli ijara asosida berilishi belgilangan.
Ko‘pchilikning eʼtiroziga sabab bo‘lgan ushbu qarorni to‘xtatishga parlamentning ham kuchi yetmagan.
Shu tariqa prezidentimizning ijtimoiy adolatni tiklash maqsadida qilgan topshiriq va tashabbusi ikki yil o‘tib barbod qilinmoqda.
Afsuski, bu ishlar taʼlimni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarda ortga ketayotganimizni anglatadi”, deb yozadi Kusherbayev.
Yana bir jamoatchilik faoli Komil Jalilov esa “deputatlarni, Konstitutsiyaning 1-moddasida ijtimoiy deb belgilangan davlatda kam taʼminlangan oilalar va bolalardan iqtisod qilinadigan 2 trln so‘m qayerga ketishi qiziqtirmagan”, deya baholamoqda.
“Deputatlarni maktablar va bog‘chalarni taʼmirlash va qurish uchun ajratilgan qariyb 423 milliard so‘m qaysi maqsadlarga yo‘naltirilgani ham qiziqtirmagan.
Deputatlarni darsliklar uchun ajratilgan 1,3 trln qayerga ketgani, ota-onalar va o‘qituvchilar nega ijtimoiy tarmoqlarda hali u fandan, hali bu fandan darsliklar yo‘q deb bong urishayotgani, nega darsliklarni o‘z hisoblaridan chiqarishga majbur bo‘lishayotgani ham qiziqtirmagan.
Deputatlar, masalan, 10 ga yaqin maktab qurish mumkin bo‘lgan summa nima uchun qaysidir bank aksiyalarini qimmatga sotib olish uchun ishlatildi, deya savol qo‘yishmagan.
Deputatlar homiladorlik va tug‘ish nafaqalari to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar nega qisqarishini ham so‘roqqa olishmagan.
Lekin, masalan, menda O‘zbekiston fuqarosi, soliq to‘lovchisi, Konstitutsiyada “hokimiyatning yagona manbai” deb tan olingan xalqning bir vakili sifatida savollar bor: Bu “o‘lik” deputatlarni “saqlash” uchun nega men xarajat qilishim kerak? Ular kimning manfaatlarini ifoda etmoqda? Nega parlamentda “nega?” deya oladigan bitta ham tirik jon yo‘q?
O‘zbekiston xalqiga eng qimmatga tushayotgan narsa — “o‘lik” parlament hamda o‘zaro tiyib turish va nazorat (checks and balances) mexanizmining yo‘qligi”, deb yozadi Jalilov.
Qonunchilik palatasi vakillari munosabati
Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Sharofiddin Nazarov byudjetga o‘zgartirishlar iddao qilinayotganidek tez va oson qabul qilinmaganini aytdi.
“Xalq vakillari qonun loyihalarini palataning majlisiga olib chiqilishidan oldin – fraksiyalar va qo‘mitalar yig‘ilishlarida – loyihalar mualliflari, ekspertlar ishtirokida batafsil, tanqidiy muhokama qiladilar. Savollariga javoblar oladilar. Fraksiya va qo‘mitalardagi muhokamalar, savol-javoblardan qoniqish hosil qilinmagandagina, odatda, yalpi majlisda muhokamalar qizg‘in tus oladi.
Byudjet masalasida ham shunday bo‘ldi. 2024-yilning davlat byudjetiga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritilgan kundan boshlab 20 kun mobaynida deputatlar tomonidan qizg‘in tahlil qilindi, hukumat vakillari bilan bahs-munozaralar ko‘rinishida muhokamalar olib borildi. Ana undan keyin hujjat yalpi majlis kun tartibiga qo‘yildi, quyi palata tomonidan qabul qilindi.
Yaʼni yalpi majlisda qonun loyihasining tez qabul qilinganligi uning muhokama etilmaganligini anglatmaydi. Bu butun dunyo parlamentlari amaliyotidagi bor tajriba. Bejizga parlament faoliyatiga oid tadqiqot bilan shug‘ullanadigan olimlar parlament majlisini aysbergga qiyoslab, yalpi majlis ushbu aysbergning uchi, barcha asosiy ishlar quyida — qo‘mita va fraksiyalarda kechishini eʼtirof etishmaydi”, deb yozadi Sharofiddin Nazarov.
Shuningdek, O‘zLiDeP fraksiyasi aʼzosi Shahnoza Xolmaxamatova ham qonun loyihasiga o‘zgartirish kiritilishining sabablari, zarurati va ahamiyati yuzasidan qo‘mitalarda va fraksiyalarda faol muhokamalar o‘tkazilganini aytdi.
Unga ko‘ra, fraksiyalar yig‘ilishlarida mazkur masala bo‘yicha 50 dan ortiq savollar berildi, munosabatlar bildirildi va vazirlik hamda idoralarning javoblari olindi.
“Ikkinchidan, kiritilayotgan o‘zgarishlar asosan taʼlim, ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash, isitish mavsumida kam taʼminlanganlarni qo‘llab-quvvatlash, mahallalardagi infratuzilmalarni yaxshilash va boshqa hududiy rivojlanish masalalariga yo‘naltirilmoqda. Ushbu sohalarda xarajatlarning kechiktirib bo‘lmasligi maʼlum. Mazkur xarajatlar bo‘yicha o‘zgarishlarning har bir moddasi yuzasidan deputatlar tomonidan aniqliklar kiritildi.
Uchinchidan, anʼanaga ko‘ra, qonun loyihasi yuzasidan masʼul qo‘mita va fraksiyalar muhokamasidan so‘ng, savollarga javob olinmagan bo‘lsa, eʼtirozlar saqlanib qolsa, deputatlar tomonidan yalpi majlisda munosabat bildiriladi. Partiyalarning fraksiyalarida konsensusga kelinmagan hollarda yoki aniq bir deputatning eʼtirozi qanoatlantirilmagan bo‘lsa, mazkur masala yalpi majlis muhokamasiga olib chiqiladi.
Taʼkidlash kerakki, dunyo parlamentarizmi tajribasida ham yalpi majlislar yangi savollar maydonidan ko‘ra, partiyaviy pozitsiyani bildirish maydoni sifatida qiyofalanadi. Byudjetga ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish — rivojlangan demokratiyalarda ham tabiiy tajriba ekanligi ham sir emas”, deydi Shahnoza Xolmaxamatova.
Izoh (1)
Улик хаммаси. Мансабидан айрилишдан куркади