Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida ko‘p qavatli uy qurilishi to‘xtatildi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, “Surum” mahallasida qurilayotgan mazkur ko‘p qavatli turar joy binosining holati hamda loyihalari inspeksiya xodimlari tomonidan o‘rganilganda, ushbu turar joy komplekslarining ayrim bloklari davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, yaʼni belgilangan tartibdagi hujjatlarsiz, davlat nazoratisiz qurilayotgani aniqlangan.
U yerda A8-blokkacha ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, A9, A10, A11-bloklar ro‘yxatdan o‘tmagan, noqonuniy holatda qurilish-montaj ishlari boshlab yuborilgan. D1, D2 bloklarida ham xuddi shunday holat aniqlangan.
Monitoring jarayonida boshqa bloklardagi qurilish ishlari ko‘zdan kechirilganda, ishchilar xavfsizligi taʼminlanmagani, ayrim yuk ko‘taruvchi beton konstruksiyalarining yuza qismida g‘ovaklar borligi aniqlangan. Shu bilan birga, obyektning ostki qismida suv to‘planish holatlari kuzatilgan.
“Bino fundament qismiga drenaj, suv qochirish tizimlari ko‘zda tutilgan, amalda suv qochirish tizimlari o‘rnatilmagan. Shu sababli, bino fundament qismi suv ostida qolmoqda. Vaholanki, bu bino fundamentiga zarar yetkazishiga olib keladi”, deydi monitoringda qatnashgan inspeksiya xodimi.
Xabarda aytilishicha, mazkur holatlar yuzasidan o‘zboshimchalik bilan, davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan qurilayotgan bloklardagi barcha qurilish ishlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilguniga qadar to‘xtatildi. Shu bilan birga, sifatsiz bajarilgan qismlarning buzilishi, ishchilarning xavfsizligini to‘liq taʼminlash hamda hududda drenaj tizimlarini o‘rnatish bo‘yicha inspeksiya xodimlari tomonidan belgilangan muddatda bajarilishi shart bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berildi.
Prezident topshirig‘iga asosan qurilish sohasidagi jarayonlarni samarali va shaffof boshqarish maqsadida yangi qurilishlarda davlat nazorati tizimi joriy etilgan. Har bir obyekt uchun QR kodli pasport joriy etilgan bo‘lib, ushbu kod orqali obyekt haqidagi barcha ma’lumotlarni real vaqt rejimida olish mumkin. Bu respublikadagi barcha fuqarolar va jamoat nazorati vakillariga qurilish obyektlar holatini qulay tarzda kuzatish imkonini beradi.
O‘zbekistonda 2025-yil 1-iyuldan eskrou tizimi ham ishga tushirildi. Endilikda hali bitmagan uydan xonadon sotib olmoqchi bo‘lgan fuqaro, o‘sha uyga o‘z mablag‘larini tikish orqali ulushdorga aylanadi. Buning uchun quruvchiga emas, bankka to‘lov qiladi. Ulushdorning to‘lagan pullari alohida eskrou hisobvarag‘ida yig‘ib boriladi. Uy bitmaguncha quruvchi kompaniya bu pullardan foydalana olmaydi. Turar joyni esa o‘z mablag‘lari yoki bank krediti asosida qurib bitkazadi.
Izoh (0)