Toshkent shahrining Olmazor tumani Sag‘bon ko‘chasida joylashgan “Qorasaroy” turar joy majmuasi aholisi hududda mahalliy aholi noroziligiga sabab bo‘luvchi, qurilish meʼyorlari qo‘pol ravishda buzilgan holda ko‘p qavatli uy-joylar qurilayotganidan norozi bo‘lmoqda. Aholining “Daryo”ga bildirishicha, ushbu qonunbuzarlik yuzasidan 2024-yil 4-oktyabrda Toshkent tumanlararo sudining ushbu qurilishni to‘xtatish haqida rasmiy ajrimi ham chiqqan.

Biz Toshkent shahar tumanlararo maʼmuriy sudiga murojaat qilganimizdan so‘ng, sudning 2025-yil 21-fevraldagi qarori bilan arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 2024-yil 15-iyuldagi loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha xulosasi haqiqiy emas deb topildi. Yana bir muhim hujjat — Toshkent shahar maʼmuriy sudi 2025-yil 20-mart kuni qurilishni to‘xtatish bo‘yicha alohida ko‘rsatma berdi. Tuman MIB xodimi va GASN tomonidan “Al-Hadid” MCHJga qurilishni to‘xtatish haqida yozma ko‘rsatma berilishiga qaramay, qonunga xilof qurilish ishlari davom etmoqda. Nima uchun quruvchi tashkilot sud qarorlarini bajarmayapti? Nega davlat nazorat organlari sudning qonuniy hujjatlari ijrosiga yetarli eʼtibor qaratmayapti? Nahotki, O‘zbekistonda sud qarorlari bajarilmasligi va qonunlarga rioya qilinmasligi mumkin bo‘lsa?, deydi murojaatchilar.

Aholining bildirishcha, ko‘p qavatli uy qurayotgan tadbirkorda qurilishga ruxsat beruvchi hujjatlari yo‘q.

Nima uchun noqonuniy qurilish deb atayapmiz? Chunki ikki yil oldin bular dabdurustdan qurilishni boshlashgandi. Shunda biz norozilik bildirdik. Hujjatlari bor yoki yo‘qligini so‘radik. Hech qanday hujjat ko‘rsata olishmadi. Keyinchalik bu ish bo‘yicha davlat tashkilotlariga murojaat qildik. Javoblarda bu qurilish bo‘yicha shaharsozlik kengashidan ruxsat olinmagani maʼlum bo‘ldi. Undan keyin yana bir necha marotaba matbuotga chiqishlarimizdan keyin GASN degan davlat tashkiloti kelib ularga yozma ko‘rsatmalar berdi. Qurilish ishlari to‘xtatildi. Biz ularni sudga berdik va noqonuniy qurib qo‘yilgan qurilmalarni buzishni talab qildik. Sudda shaharsozlik kengashining qarori bekor bo‘ldi. Lekin shunga qaramasdan qurilishlar davom etmoqda. Qurilishni to‘xtatish bo‘yicha sudning ajrimi bor. MIBga yuklatilgan. Lekin shunga qaramasdan qurilishlar davom etib kelmoqda, deydi aholi vakillari.

Murojaatchilar hududda olib borilayotgan qurilish mahallaga kirib-chiqish yo‘llarining tirband bo‘lishiga sabab bo‘layotganini bildirdi.

Mahallamizga kirib-chiqishda shu qadar mashina ko‘pki, bu noqonuniy qurilish tirbandlik yana ortishiga olib kelmoqda. Ertalabdan tirbandlik, mashinalar signal beradi, bu degani biz faqat shanbada, hafta oxirida dam olishimiz mumkin, deydi yana bir murojaatchi.
Murojaatchilar qurilish tashkilotini sudga ham bergan.

Biz bu qurilish tashkilotini sudga berdik. Eʼtirozlarimiz sudda ko‘rib chiqildi. Sud qurilishni to‘xtatishni buyurdi. Ammo qurilish davom etmoqda. Ruxsatnoma bekor qilindi. Majburiy ijro sud qarorini ijrosi taʼminotida sustkashlikka yo‘l qo‘ymoqda, deydi ular.
Maʼlum bo‘lishicha, aholi noqonuniy deb atayotgan qurilish ishlari 2023-yil boshlangan.

Bu noqonuniy qurilish 2023-yilda boshlangan. Qurilish ishlari tinchimizni buzgach, bunga eʼtiroz qildik. Aslida qonunchilik bo‘yicha qurilish boshlashdan oldin hamma ruxsatnoma hujjatlarini olib, fuqarolar bilan ham muhokama qilinishi kerak edi. Qonunchilikda ham shunday. Shaharsozlik kodeksida ham, yangi Konstitutsiyamizda ham bu yozib qo‘yilgan. Shaharsozlikka oid loyihalar jamoatchilik bilan muhokama qilinishi shart. Bu operativ norma, uni hech kim bekor qilgani yo‘q. Boshlanganidan keyin fuqarolar norozi bo‘lib chiqdik va to‘xtatdik. Hech qanday hujjat yo‘qligi maʼlum bo‘ldi. Keyin biz sudga berdik. Qurilish vazirligi huzuridagi inspeksiya kelib o‘rgandi. Eng yomoni ko‘p o‘tmay noqonuniy qurilishni qonuniylashtirib, shaharsozlik kengashiga xulosa ham berishibdi. Keyin biz buni bilib qolib, sudga berdik. Maʼmuriy sudda qurilishni to‘xtatish haqida ajrim chiqdi. Ammo sud qarori ijrosi taʼminlanmayapti. Qurilish ishlari to‘xtagani yo‘q, deydi aholi vakillari.
Murojaatchilar Qurilish vazirligini vaziyatga beparvo qarashda ayblamoqda.

Qurilish vazirligiga bu haqda murojaat qilsak, bu bizning ishimiz emas deydi. Nega vazirlik masʼuliyatdan qochyapti? Keyin matbuotda chiqishga majbur bo‘ldik. GASN degan tashkilotga bordik. Borsak, rahbari bizni qabul qilishni xohlamadi. Savolimizga aniq javob yo‘q. Ularga ko‘ra bu masala bilan faqat MIB shug‘ullanishi kerak ekan. O‘zbekistonda noqonuniy qurilishlar bilan Qurilish vazirligidan boshqa yana qaysi tashkilot shug‘ullanishi mumkin?, deydi murojaatchilar.

Quruvchi tashkilot “Al-Hadid” masʼullari “Daryo”ning bu haqdagi savoliga javob berar ekan, qonuniy hujjatlari borligini aytishdi, ammo uni taqdim qilmadi. Shuningdek, jurnalistning barcha savollariga javob berishlarini ham vaʼda berishdi. Biroq vaʼda vaʼdaligicha qoldi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Bobur Egamnazarov ham “Daryo” so‘rovini javobsiz qoldirdi.
Izoh (0)