“Maxtumquli Firog‘iy” badiiy filmi London shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro Yevrosiyo ijodiy kinogildiyasi (ECG Film Festival – 2025) festivalida “Tomoshabinlar e’tirofi” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
Mazkur film XVIII asrda yashab o‘tgan buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan. Kinoda shoirning milliy uyg‘onishga intilishi, yurtiga bo‘lgan muhabbati va tinchlikparvar g‘oyalari aks ettirilgan.

Loyiha O‘zbekiston Kinematografiya agentligi va “Turkmanfilm” kinostudiyalari hamkorligida amalga oshirildi. Rejissyorlar, aktyorlar va ijodiy jamoa ham O‘zbekiston, ham Turkmaniston vakillaridan iborat bo‘lib, bu filmning madaniy muloqot va birodarlik ramzi sifatidagi mavqeyini yanada oshirdi.
Hakamlar hay‘ati va tomoshabinlar, filmdagi yuksak tasviriy mahorat, tarixiy voqelikni ifoda etuvchi dekoratsiyalar hamda aktyorlarning ta‘sirchan ijrosini alohida e‘tirof etdilar.
Shuni alohida ta‘kidlash joizki, “Maxtumquli Firog‘iy” filmi – bu shunchaki badiiy asar emas, u xalqlarni birlashtiruvchi, erkinlik, qadr-qimmat va insoniylikning abadiy qadriyatlarini tarannum etuvchi madaniy ko‘prikdir.
“Tomoshabinlar e’tirofi” mukofotining qo‘lga kiritilishi esa Markaziy Osiyo kinoijodkorlarining mahoratiga berilgan yuksak bahodir.
Yevrosiyo ijodiy gildiyasi tomonidan tashkil etiladigan kinofestival har yili 20 dan ortiq mamlakat kinoijodkorlarini birlashtirib, Yevrosiyo kinosini targ‘ib qilish uchun o‘ziga xos maydoni bo‘lib xizmat qiladi.
Izoh (0)