Toshkent va Buxoro shaharlarida 7–11-noyabr kunlari Turkmaniston madaniyati kunlari o‘tkazilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Turkmaniston madaniyat vaziri o‘rinbosari Atageldi Shamuradov boshchiligidagi 47 kishidan iborat delegatsiya 7-noyabr, dushanba kuni Buxoro shahrining diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurdi.
8-noyabr, seshanba kuni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirining madaniyat ishlari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Fotih Jalolov Turkmaniston delegatsiyasi a’zolarini qabul qildi.
Bugun soat 18:30 da Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatrida Turkmaniston madaniyat kunlarining ochilish marosimi o‘tkaziladi. Ochilish marosimida Turkmaniston madaniyati va san’ati namoyondalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etiladi.
Shuningdek, Turkmaniston madaniyat kunlari doirasida quyidagi tadbirlar tashkil etiladi:
9-noyabr, chorshanba
10:00 – O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida amaliy san’at va muzey ko‘rgazmasi;
11:00 – Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida Turkmaniston va O‘zbekiston yozuvchi va shoirlari uchrashuvi;
13:00 – Turkmaniston san’at va madaniyat ustalarining konserti;
18:00 – Alisher Navoiy nomidagi Kino saroyida turkman kinofilmlari namoyishi.
10-noyabr, payshanba
15:30 – Buxoro san’at kollejida turkman kinofilmlari namoyishi;
18:00 – Turkmaniston madaniyat kunlarining yopilish marosimi.
Izoh (0)