Prezident Shavkat Mirziyoyev “Buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini mamlakatda keng nishonlanadi.
Maxtumquli Firog‘iyning “Tanlangan asarlar”i hamda uning hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar to‘plami nashrga tayyorlanadi va chop etiladi. Shuningdek, davlat buyurtmasi asosida O‘zbekiston va Turkmaniston kino ustalari hamkorligida Maxtumquli Firog‘iyga bag‘ishlangan badiiy film yaratiladi.
Bundan tashqari, shoir hayoti va ijodiy faoliyati haqida spektakl sahnalashtiriladi. Yosh xonandalar o‘rtasida “Maxtumquli sheʼrlari bilan aytiladigan eng yaxshi qo‘shiqlar ijrochisi” respublika tanlovi o‘tkaziladi. Badiiy akademiyaning markaziy ko‘rgazmalar zalida o‘zbek va turkman xalqlarining do‘stlik va qardoshlik aloqalarini tarannum etuvchi tasviriy sanʼat asarlari ko‘rgazmasi tashkil etiladi.
Shu bilan birga, “Maxtumquli ijodining o‘zbek adabiyoti va sanʼatida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi. Mamlakatdagi oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar, umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari hamda mahallalarda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil etiladi.
2024-yil oktyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida Maxtumquli Firog‘iy xotirasiga bag‘ishlangan ijodiy kecha o‘tkaziladi.
Izoh (0)