Turkmanistonda 26-sentabr kuni start olgan “O‘zbek kinosi kunlari”da ishtirok etish uchun O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida mamlakat poytaxti Ashxobodga yo‘l olgan aktrisa Shahzoda Matchonova o‘z taasurotlari bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar bermoqda “O‘zbekkino” Milliy agentligi matbuot xizmati.
“Ashxobodda o‘tkazilayotgan ‘O‘zbek kinosi kunlari’da ishtirok etayotganimdan juda ham mamnunman. Birinchidan, men anchadan beri bu go‘zal shaharni ko‘rishni niyat qilib yurgan edim. Ikkinchidan, qardosh turkman xalqini O‘zbekiston bilan o‘zaro do‘stlik rishtalari bog‘lab turadi. Mazkur do‘stona aloqalar va munosabatlarni yanada mustahkamlash uchun shu kabi madaniyat, san’at va kino yo‘nalishidagi tadbirlarni an’anaviy tarzda o‘tkazib turish zarur deb o‘ylayman”, — dedi aktrisa.
“Men ana shunday tadbirlardan birida o‘zbek aktrisasi sifatida qatnashib, yurtimizda ishlab chiqarilgan milliy filmlar turkman ahliga manzur kelayotganidan juda ham xursandman. Kinozaldagi tomoshabinlar, ayniqsa, yoshlar bizning filmlarni qarsaklar bilan kutib olishayotganini ko‘rish yoqimli. Shundan kelib chiqib, bugun festivalning yopilish marosimi ham yuqori darajada o‘tadi deb umid qilaman”, — dedi Shahzoda Matchonova.
Ma’lumot uchun, Ashxobodda tashkil etilgan “O‘zbek kinosi kunlari” tadbiri 28-sentabr kuni o‘z nihoyasiga yetadi.
Izoh (0)