Londonning “Chelsi” klubi yozgi transfer oynasi vaqtida ko‘plab futbolchilarni sotish haqida o‘ylamoqda. Bu haqda The Athletic nashri xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, “ko‘klar”ning asosiy jamoasi AQSHda bo‘lib o‘tgan Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etayotgan bir paytda, sotuvga qo‘yilgan futbolchilar klubning bazasida mashg‘ulotlarni boshladi. Ular orasida quyidagi futbolchilar bor: Joau Feliks, Benjamin Chiluell, Aksel Disasi, Lesli Ugochukvu, Renatu Veyga, Armando Broya, Alfi Gilkrist.
Ma’lum qilinishicha, “Chelsi” bu futbolchilarni ijaraga emas, to‘liq transfer asosida qo‘yib yuborishni maqsad qilgan.
Shuningdek, klub rahbariyati hujumchilar Rahim Sterling va Kristofer Nkunku ham sotib yuborishni istamoqda. Nkunkuga Germaniyaning “Bavariya” klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda. Agar tomonlar kelishuvga erisha olsa, fransiyalik futbolchi faoliyatini Bundesligada davom ettiradi.
“Borussiya D” Karni Chukvuemekani yana ijaraga olmoqchi, ammo “Chelsi” bu futbolchini ham to‘liq sotishni istamoqda. Shu bilan birga, klubning asosiy hujumchisi bo‘lib turgan Nikolas Jekson ham endi “sotilmaydiganlar” ro‘yxatida emas. Unga jiddiy taklif tushsa, klub uning transferi ham amalga oshirishga harakat qilib ko‘radi.
“Chelsi” yana bir yosh himoyachi — Ishe Semyuels-Smitni 8 million funt sterling evaziga sotmoqchi. Klub bu borada Fransiyaning “Strasburg” jamoasi bilan muzokaralar olib bormoqda. Shuningdek, “Strasburg”ga ijaraga berilishi mumkin bo‘lgan futbolchilar qatorida yarim himoyachi Kendri Payes, himoyachi Aaron Anselmino va darvozabon Mayk Penders ham bor. Ular 2025/2026-yilgi mavsumni Fransiya klubi safida o‘tkazishi mumkin.
Izoh (0)