FIFA 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati uchun chiptalar sotuvi bosqichma-bosqich amalga oshirilishini ma’lum qildi. Dastlabki bosqich 2025-yilning 10-sentyabr sanasida boshlanadi. Bu haqda AlJazeera nashri xabar berdi.

Musobaqa Meksika, AQSh va Kanada mezbonligida o‘tadi. FIFA barcha futbol ishqibozlarini chiptalarni xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘lishlari uchun tashkilotning rasmiy saytida ro‘yxatdan o‘tishga chaqirdi.
Biz butun dunyoni yana Shimoliy Amerikada kutib olishdan mamnunmiz. Bu tarixdagi eng yirik va eng ulkan sport tadbiri bo‘ladi. Futbol ishqibozlariga murojaat qilamiz: joyingizni kafolatlab qo‘yishga hozirdan tayyorlaning, — dedi FIFA prezidenti Janni Infantino.
FIFA hozircha har bir bosqich tafsilotlarini ochiqlamagan. Biroq tashkilotning ma’lum qilishicha, 10-sentyabrdan boshlab ro‘yxatdan o‘tgan muxlislar ilk bor chipta sotib olishga ariza topshirish huquqiga ega bo‘ladi.
2025-yil 10-sentabrdan boshlab, 2026-yil 19-iyulgacha bir nechta alohida savdo bosqichlari bo‘ladi. Har bir bosqichda chipta xarid qilish jarayoni, to‘lov usullari va mahsulot turlari farqlanishi mumkin. Har bir bosqich bo‘yicha to‘liq ma’lumotlar yaqin oylar ichida e’lon qilinadi, — deyiladi FIFA bayonotida.
Musobaqa tafsilotlari
2026-yilgi Jahon chempionati 48 ta terma jamoaning ishtirokida o‘tkaziladi va jami 104 ta o‘yin bo‘lib o‘tadi. Undan:
- Meksika – 13 ta uchrashuvga,
- Kanada – 13 ta uchrashuvga,
- AQSh esa qolgan barcha o‘yinlarga, jumladan chorak finaldan finalgacha bo‘lgan barcha bosqichlarga mezbonlik qiladi.
Musobaqaning ochilish uchrashuvi 2026-yil 11-iyunda Meksikaning Mexiko shahrida bo‘lib o‘tadi, final bahsi esa 19-iyul kuni AQShning Nyu-Jersi shtatida joylashgan stadionda tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Temur Kapadze boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham 2026-yilgi Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan.
Izoh (0)