Tayvan qurolli kuchlari “Han Kuang” o‘quv mashg‘ulotlari doirasida poytaxt Taybey metrosi bo‘ylab manyovr amaliyotlarini bajardi. Jumladan, havo tahdidlariga qarshi Stinger ko‘chma zenit raketa majmualari bilan qurollangan harbiy xizmatchilar bir bekatdan boshqasiga harakatlandi.
Metro infratuzilmasi, agar orol Xitoy bosqiniga uchragan taqdirda, qo‘shinlar harakati va taʼminoti uchun tez, shu bilan birga xavfsiz yo‘nalish bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Chunki yer ustidagi muhim obyektlar ommaviy zarbalarga uchrashi muqarrar.
Shahar sharoitidagi janglarga tayyorgarlik Tayvan uchun yangilik emas. Ular buni muntazam ravishda amalga oshiradi. Buni orol hududining kichikligi, asosiy kurash esa Taybey kabi yirik shaharlar uchun kechishi mumkinligi bilan izohlash mumkin. Tayvan poytaxtida qariyb 3 million aholi istiqomat qiladi.

Tayvan qurolli kuchlari ehtimoliy agressiya sharoitida qanday harakatlanishni har yili anʼanaviy tarzda o‘tkaziladigan “Han Kuang” o‘quv mashg‘ulotlari doirasida mashq qildi. Bu yilgi mashg‘ulotlar tarixda eng yirigi bo‘lib, butun orolni qamrab olgan. Unga nafaqat harbiylar va harbiylashtirilgan tuzilmalar, balki fuqarolar ham jalb etilgan. Boshqacha aytganda, u butun jamiyatni mudofaaga tayyorlashga urg‘u beradi.
Sohilni Xitoy desant qo‘shinlaridan muhofaza qilish, uchish-qo‘nish yo‘laklarini tezkor taʼmirlash, strategik obyektlarni himoyalash, shahar sharoitida bo‘linmalar dislokatsiyasi kabilar mashg‘ulot kun tartibidan o‘rin olgan. Ular Xitoy Tayvanni bosib olish uchun kuch qo‘llashi va buni 2027-yilda amalga oshirishi mumkinligi haqidagi xabarlar fonida o‘tkazilmoqda.
Tayvan mudofaa vazirligining maʼlum qilishicha, mashg‘ulotlardan maqsad “yer osti infratuzilmasidan foydalanib qo‘shinlar va taʼminotni qayta joylashtirish, harbiylar hamda fuqarolar hamkorligida mudofaa imkoniyatlarini namoyish etish, shuningdek, milliy xavfsizlikni mustahkamlash” hisoblanadi.
Focus Taiwan xabariga ko‘ra, mashg‘ulotlarning metroga oid qismiga harbiy politsiya xizmatchilari jalb etilgan. Ular Stinger tizimlari, pulemyotlar, 40 mm kalibrli granatomyotlar va tankka qarshi raketalar bilan harakatlanishgan. Harbiylar o‘z mahoratini metroning Shandao Temple va Longshan Temple bekatlari orasida sinovdan o‘tkazgan. Bu vaqtda mazkur ikki bekat aholi uchun yopiq bo‘lgan.
Tarmoqlarda eʼlon qilingan kadrlarda askarlar oddiy yo‘lovchi vagonlaridan foydalangani, shuningdek, texnik xizmat ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan sariq rangli rels mashinalarida harakatlanganini ko‘rish mumkin.

Taybey metrosi 150 km uzunlikka cho‘zilgan, jami 135 ta bekatdan iborat murakkab infratuzilma hisoblanadi. U Xitoy bilan ehtimoliy urush sharoitida potensial logistika yo‘nalishi o‘laroq xizmat qilishi mumkin.
Harbiy ekspertlarning taxmin qilishicha, Xitoyning orolga ehtimoliy bosqini poytaxt va boshqa shaharlardagi hukumat va harbiy obyektlarga havodan intensiv zarba berish va shu orqali desant amaliyotiga yo‘l ochish bilan boshlanadi. Tayvan mazkur ssenariyning real xavf ekanini inobatga olib, ko‘riladigan zararni minimallashtirish uchun yer ostida joylashgan infratuzilmadan keng foydalanadi.

Jumladan tayvanliklar metrodan foydalangan taqdirda, qo‘shimcha himoyani qo‘lga kiritadi. Qolaversa, ularni havodan kuzatish imkonsiz bo‘ladi. Bo‘linmalar metro bekatlaridan kutilmaganda chiqib, dushman kuchlariga qarshi jang boshlashi va keyin yana ortga qaytib yashirinishi mumkin. Stinger kabi ko‘chma havo mudofaa esa ularga nafaqat quruqlik, balki havo tahdidlarini ham zararsizlantirish imkonini beradi.

Biroq mashg‘ulotlar faqat metro bilan cheklanmagan. Tayvanliklar shahar sharoitidagi janglar uchun tayyorgarlik doirasida niqoblanish, yashirin harakat va chalg‘itish kabi taktikalarni ham sinovdan o‘tkazmoqda. Bu harbiy texnikalarni urbanizatsiyalashgan hududga xos unsurlar rangida bo‘yash kabi taktikalarni ham o‘z ichiga oladi.
Izoh (0)