AQSH prezidenti Donald Tramp 3-iyul kuni Saudiya Arabistoni mudofaa vaziri shahzoda Xolid bin Salmon bilan uchrashdi. Bu haqda manbalarga tayanib Axios xabar berdi.
-VS5FMXrq.avif)
Ular Eron bilan bog‘liq vaziyat, G‘azodagi urushni tugatish, HAMAS garovida qolganlarni ozod qilish va boshqa mintaqaviy masalalarni muhokama qilgan. Muzokaralar Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning 7-iyul kuni Oq uyga tashrifi oldidan bo‘lib o‘tgan. Tramp ma’muriyati yaqin oylarda Saudiya Arabistoni va Isroil o‘rtasida tarixiy tinchlik bitimi tuzilishini talab qilmoqchi, deyiladi xabarda.
Tramp bilan uchrashuvdan so‘ng Saudiya tashqi ishlar vaziri Eron qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Abdurahim Musaviy bilan telefon orqali gaplashgan.
Biz mintaqadagi vaziyatni, xavfsizlik hamda barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan harakatlarni muhokama qildik, degan u.
AQSH prezidenti maxsus vakili Stiv Uitkoff yadroviy muzokaralarni qayta tiklash uchun kelasi hafta Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan uchrashmoqchi. Tramp avvalgi bayonotlarida Eron AQSH bilan muloqotni istayotgani va “buni amalga oshirish vaqti kelganini” aytgandi.
Manbalarga ko‘ra, 12 kunlik urush paytida Eron tomonidan Isroilga uchirilgan dronlarni tutib olishda Saudiya Arabistoni ishtirok etgan. Buning uchun Saudiya mintaqaviy havo hududida, jumladan, Iroq va Iordaniya osmonida dronlarni tutib oluvchi vertolyotlarni joylashtirgan. Ba’zi dronlar Isroil tomon harakatlanishda davom etishi mumkin edi. Biroq ular Saudiya suvereniteti tahdid ostida qolmasligi uchun erta tutib olingan.
Saudiya Arabistoni kuchli harbiy havo kuchlariga ega bo‘lib, u asosan AQSHda ishlab chiqarilgan zamonaviy qurollar, samolyotlar va himoya tizimlariga tayangan. 2017-yilda AQSH prezidenti Donald Trampning birinchi prezidentlik davrida Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan yirik qurol-yarog‘ bitimi imzolangan. Bu bitim keyinchalik 2025-yil Trampning mintaqaga qilgan tashrifi chog‘ida kengaytirilgan.
Saudiya Arabistoni rasmiy ravishda hujumlarning oldini olishda ishtirok etganini tasdiqlamagan. Aksincha, Eron hududiga hujum qilgani uchun Isroilni qoralagan. Saudiya Arabistoni o‘z havo hududidan Erondagi nishonlarga zarba berish uchun foydalanishga ruxsat bermasligini ta’kidlagan.
Izoh (0)