Migratsiya agentligi fuqarolarni litsenziyasiz xorijga ishga jo‘natish bilan shug‘ullanayotgan kompaniyalardan ogohlantirdi.

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-apreldagi 252-sonli qaroriga muvofiq, fuqarolarini xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish faoliyati bilan Migratsiya agentligi shug‘ullanadi. Shuningdek, “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, faqat Migratsiya agentligi tomonidan litsenziya berilgan xususiy bandlik agentliklari ushbu faoliyat bilan shug‘ullanishga haqli.
Migratsiya agentligi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarda “ba’zi bir ishbilarmonlar”ning ijtimoiy tarmoqlardagi e’lonlar orqali konsalting yoki axborot xizmati niqobi ostida fuqarolardan pul yig‘ib xizmat ko‘rsatmagani hamda litsenziyasiz xorijga ishga jo‘natish bilan shug‘ullanayotgani aniqlangan. Ushbu jamiyatlarga nisbatan quyidagi ta’sir choralari qo‘llanilgan:
- Worldvisa MCHJda 2025-yil 9-aprelda tekshiruv o‘tkazilgan va 11-aprelda 112,5 million so‘m jarima qo‘llanilib, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudga da’vo arizasi kiritilgan;
- Everyone Consult MCHJda 9-aprelda tekshiruv o‘tkazilgan, 11-aprelda 112,5 million so‘m jarima qo‘llanilgan, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudga da’vo arizasi kiritilgan;
- Adworld Group MCHJda 24-aprelda tekshiruv o‘tkazilgan, 28-aprelda 112,5 million so‘m jarima qo‘llanilgan, Urganch tumanlararo iqtisodiy sudga da’vo arizasi kiritilgan;
- Rich Result MCHJda 15-mayda tekshiruv o‘tkazilgan, 21-mayda 112,5 million so‘m jarima qo‘llanilgan, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudga da’vo arizasi kiritilgan;
- Ravon Consult Group MCHJ xususiy bandlik agentligida 15-mayda tekshiruv o‘tkazilgan, 26-mayda 112,5 million so‘m jarima qo‘llanilgan, Bekobod tumanlararo iqtisodiy sudga da’vo ariza kiritilgan.
“Litsenziyasiz tashkilotlar orqali xorijda ishga joylashishga urinish moliyaviy va huquqiy xavf-xatarga duchor bo‘lishiga olib keladi. Xavfsizligingiz o‘z qo‘lingizda”, deya ogohlikka chaqirdi Migratsiya agentligi va rasmiy ro‘yxatdagi agentliklar bilan hamkorlik qilishga chaqirdi.
“Har qanday shartnomani imzolashdan oldin uni sinchiklab o‘qib chiqing. Shubhali to‘lovlarni amalga oshirmang”, deyiladi agentlik xabarida.
Yuqoridagi firmalardan biri — Adworld Group xorijga ishga joylash vaʼdasi bilan odamlarni chuv tushirgani haqida avgust oyi boshlarida xabar qilingandi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, ushbu MCHJ ijtimoiy tarmoqlarda Chernogoriya, Serbiya, Angliya, Litva, Norvegiya, Ummon va Yaponiya kabi davlatlardagi ish o‘rinlarini reklama qilgan. Fuqarolarga konsalting bahonasida, aslida xorijda ishga joylashtirish xizmatlarini taklif etgan. Mazkur faoliyat “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ravishda, litsenziyasiz amalga oshirilgan.
Ushbu kompaniyaning noqonuniy faoliyatini ayrim ko‘p sonli kuzatuvchilarga ega bo‘lgan blogerlar ham ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilgan. Blogerlar orqali berilgan noto‘g‘ri reklama odamlarda ishonch uyg‘otib, ko‘plab fuqarolar kompaniya xizmatlaridan foydalanish uchun pul to‘lashga rozi bo‘lgan va oqibatda aldanib qolgan.
Raqobat qo‘mitasi 22-avgust kuni ushbu MCHJni reklama qilgan ikki bloger — @iwash_tashkent sahifasini yurituvchi O.Jo‘rayev va @abdurahmonmufid sahifasini yurituvchi A.Abdurahmonov sudga berilganini e’lon qildi.
Izoh (0)