O‘zbekiston va Turkmaniston to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Bugungi kunda Turkmaniston bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar mavjud emas. Bugun biz hujjatga qo‘l qo‘ydik. Yaʼni, barcha jozibador taraflarini ko‘rsatgan holda, barcha imkoniyatlarni yaratgan holda, qisqa kunlarda ikki tomonlama to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni boshlashga imkoniyat yaratiladi”, dedi u Turkmanistonga tashrifi chog‘ida bergan intervyusida.
22-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Avazada O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjon rahbarlarining uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi. Trend nashrining yozishicha, uch tomonlama uchrashuv yakunida transport vaziri Ilhom Mahkamov va Turkmenistan Airlines davlat xizmati raisi Dovran Saburov fuqaro aviatsiyasi sohasida hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi bayonnomani imzoladi.
O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar
Ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar 2013-yil may oyida to‘xtatilgan. Bunga yo‘nalishning daromadli emasligi sabab bo‘lgan. Ya’ni, Toshkent—Ashxobod parvozi yo‘lovchilar soni yetarli bo‘lmagani bois, iqtisodiy jihatdan samarasiz deb topilgan.
2017-yil iyulida Toshkentda ikki davlat aviakompaniyalari vakillari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilib, yil oxirigacha Ashxobod—Toshkent—Ashxobod yo‘nalishida aviareyslarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi. Tomonlar Toshkent xalqaro aeroportida Turkmaniston aviakompaniyasi havo kemalariga xizmat ko‘rsatish va bort taomlari bilan ta’minlashga qaratilgan shartnomani imzoladi. 2018-yilda O‘zbekiston va Turkmaniston poytaxtlari o‘rtasida aviaqatnovlar qayta tiklanishi ma’lum qilindi.
2021-yil avgustida ham ikki mamlakat Transport vazirliklari tomonidan sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya etgan holda to‘g‘ridan to‘g‘ri havo transporti qatnovlarini qayta tiklash masalalari ustida ish borilishiga kelishib olindi. Lekin amalda tiklanmadi.
Izoh (0)