AQSH prezidenti Donald Tramp Tehronning rasmiy bayonotlariga qaramay Eron rasmiy vakillari u bilan iloji boricha tezroq uchrashuv o‘tkazishni xohlayotganini ma’lum qildi.

Oq uyda jurnalistlar bilan suhbat davomida undan Eron hududida boyitilgan uran zaxiralarining mavjudligi uni tashvishga solayotgan yoki solmayotgani so‘ralgan. AQSH rahbarining fikricha, bu Tehronni hozir qiziqtirayotgan eng so‘nggi masala hisoblanadi.
“Hozir ularni qiziqtirayotgan eng so‘nggi narsa - boyitilgan uran. Ular bu haqda o‘ylashmayapti. Ular normal hayotga qaytishni va men bilan uchrashishni istashmoqda”, dedi Tramp.
Tramp Eron rasmiylarining muzokaralar rejasi yo‘qligi haqidagi ommaviy bayonotlariga izoh berish so‘roviga javoban, aslida vaziyat boshqacha ekanini taxmin qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “tez orada amalga oshadi”.
“Ular shunday deyishlari mumkin... Lekin ular men bilan uchrashishni istamasliklariga ishonasizmi? Bizda ularga qarshi shunday sanksiyalar borki, ular hech narsa qila olmasligini tushunmayapsizmi? Ular men bilan uchrashishni istamasliklariga ishonasizmi?”, dedi AQSH prezidenti.
Shuningdek, Oq uy rahbari eronliklar “ahmoq odamlar emas, balki ko‘p narsalarni boshdan kechirishgan va azob chekishgan” deb qo‘shimcha qilgan.
Isroil 13-iyun kuni Eronning yadroviy salohiyatini yo‘q qilish maqsadida, unga hujum qilgan. Aviahujumlar oqibatida Eron harbiy qo‘mondonlari va bir nechta yadroviy olimlar halok bo‘lgan. Eron rasmiylariga ko‘ra, hujumda 610 kishi halok bo‘lib, 5 mingga yaqin kishi jarohatlangan. Tehronning javob zarbalarida Isroilda kamida 28 kishi halok bo‘lib, yuzlab binolarga zarar yetgan.
22-iyunga o‘tar kechasi AQSH prezidenti Donald Tramp AQSH qurolli kuchlari Erondagi uchta yadroviy obyekt — Fordo, Natanz va Isfahonga muvaffaqiyatli hujum uyushtirganini ma’lum qilgan. U Tehron mojaroni to‘xtatishga rozi bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.
23-iyun kuni Eron Qatardagi Amerika harbiy bazalariga qarshi operatsiya boshlagan. AQSHning Iroqdagi bazasi ham hujumga uchragan. Qatar o‘z hududidagi harbiy bazaga berilgan zarbalardan so‘ng Eronning harakatlarini qat’iy qoralagan. Mamlakat bevosita javob berishga haqli ekanini bildirgan. Qatarning bayonotini Saudiya Arabistoni ham qo‘llab-quvvatlagan. Shundan so‘ng, Yaqin Sharqdagi mojaro kuchayishi sababli bir qator davlatlar o‘z havo hududini yopgan. 24-iyun kuni Isroil va Eron o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sulh kuchga kirgan.
Izoh (0)