Shifokor Salvador Plasensiya “Do‘stlar” seriali yulduzi Mettyu Perriga uning fojiali o‘limidan avval bir necha hafta davomida ketamin moddasini berib kelganini sudda tan oldi. Bu haqda The New York Times xabar berdi.

Agar shifokor aybdor deb topilsa, u 40 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi va 2 million AQSH dollari miqdorda jarimaga tortilishi mumkin. Tergov harakatlariga ko‘ra, u bir necha marotaba aktyorning uyiga borib, narkotikni to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zi yuborgan. Shuningdek, ular jamoat avtoturargohida ham uchrashib turgan va Plasensiya mashina orqa o‘rindig‘ida Mettyuga katta dozadagi giyohvand moddani yuborgan.
Perrining ishi yuzasidan jami besh kishiga ayblov e’lon qilingan, ularning to‘rt nafari aybini tan olgan. Prokuratura versiyasiga rozi bo‘lmagan yagona shaxs — “ketamin qirolichasi” laqabi bilan tanilgan narkodiler Jasvin Sangxadir.
54 yoshli aktyor 2023-yil 28-oktyabrda ketaminning ortiqcha dozasi oqibatida vafot etgan. Ketamin — kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasi bo‘lib, og‘riq qoldirish va depressiya kasalliklarini davolashda qabul qilinadi. Preparat shifokor tomonidan buyuriladi. Uni qo‘llash Amerika oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi tomonidan tasdiqlangan.
Aktyor haqidagi hujjatli filmda aytilishicha, o‘limidan uch kun oldin Perriga shifokor belgilangan miqdordan 27 marta ko‘proq ketamin dozasini bergan. Bu esa uning to‘satdan vafot etishiga sabab bo‘lgan.
Izoh (0)