Angliyaning The Times nashrining xabariga ko‘ra, Kataloniyaning “Barselona” klubi moliyaviy qoidalarni buzganlikda gumon qilinmoqda va bu holat kelgusi mavsum Yevrokuboklarda UEFA tomonidan jiddiy sanksiyalar qo‘llanishiga olib kelishi mumkin.

Manbaga ko‘ra, kataloniyaliklar Yevropa futboli moliyaviy tartib-qoidalarini buzishni davom ettirmoqda. Klub moddiy aktivlarni noto‘g‘ri hisobga olib, o‘z transfer byudjetini sun’iy ravishda oshirganlikda gumon qilinmoqda. Shu kabi harakatlar uchun “Barselona” 2024-yil kuzida 500 ming miqdorida jarimaga tortilgan edi. Klub bu qaror ustidan Sport arbitraj sudi — CAS’ga shikoyat qilgan, biroq apellyatsiya rad etilgan.
Agar klub moliyaviy feyr-pley qoidalarini yana buzsa, UEFA tomonidan yanada og‘ir jazolar qo‘llanilishi mumkin. Bu jazolarga 2025/26-yilgi Chempionlar Ligasi guruh bosqichida ochkolar yo‘qotilishi yoki tarkibdan ayrim futbolchilarni turnirda ishtirok ettirmaslik kiradi.
Eslatib o‘tamiz, “Barselona” o‘tgan mavsum Ispaniya chempioni bo‘ldi, shuningdek, mamlakat Kubogi va Superkubogini ham qo‘lga kiritdi. Chempionlar Ligasi yarim finalida esa “Inter” klubiga yutqazib, musobaqani tark etgan edi.
Izoh (0)