O‘zbekistonda yerosti suvlariga quduqni qonunga xilof ravishda burg‘ilash ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilandi.

5-may kuni imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi. Hujjatda qayd etilishicha, yerosti suvlarini yerlarni sug‘orish va boshqa maqsadlar uchun olish keskin o‘sgani, shuningdek, quduqlarni ruxsatsiz burg‘ilash va suvlardan nazoratsiz, hisobga olmasdan foydalanish hollari davom etayotgani sababli yerosti suv resurslarini muhofaza qilish choralarini kuchaytirish zarurati yuzaga keldi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritiladigan o‘zgarishlarga ko‘ra, yerosti suvli qatlamlaridan olinadigan suvdan foydalanish va suv iste’moli qoidalarini, yerosti suvli qatlamlaridan suv olish limitlarini buzish, yerosti suvlaridan o‘zboshimchalik bilan suv olish, yerosti suvlariga ququdni qonunga xilof ravishda burg‘ilash:
- fuqarolarga BHMning 6 baravaridan 15 baravarigacha (2 million 250 ming so‘mdan 5 million 675 ming so‘mgacha),
- mansabdor shaxslarga esa 15 baravaridan 20 baravarigacha (5 million 675 ming so‘mdan 7,5 ming so‘mgacha ) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bu huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, fuqarolarga BHMning 15 baravaridan 20 baravarigacha, mansabdorlarga BHMning 21 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bundan jismoniy shaxslarning o‘z ehtiyojlari, shu jumladan, tomorqa yer uchastkalarini sug‘orish uchun suvdan umumiy foydalanishi mustasno.
Soliq kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, yerosti suv manbalaridan suv o‘lchash uskunalarisiz suv olinganda soliq stavkasi belgilangan soliq stavkalarining 5 baravari miqdorida belgilanadi. Bunda mazkur qoida jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy va xo‘jalik ehtiyojlari uchun sutkasiga 5 metr kubgacha bo‘lgan hajmda yerosti suvlarini yakka tartibda olish hollariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Bu o‘zgarish qonun e’lon qilinganidan 3 oy o‘tgach amalga kiritiladi. Ushbu qonun qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 4-martda qabul qilinib, Senat tomonidan 30-aprel kuni ma’qullangandi.
O‘zbekistonda yerosti suvlaridan foydalanish
O‘zbekistonda 2024-yil 1-yanvardan suv hisoblagichsiz yerosti suv olish inshootlaridan foydalanish taqiqlangan. Respublikaning 7 ta viloyati 21 ta tumanida yerosti suvlari sathining 5 metr va undan ortiq pasayib ketayotgani holatlari qayd etilib, mazkur hududlarda suvga quduq burg‘ilash va ulardan foydalanish bo‘yicha moratoriy joriy etildi.
Yerosti suvlari sathning o‘rtacha ko‘p yillik sathga nisbatan 5 metrdan ortiq pasayib ketgan hududlarda yerosti suvlaridan faqat ichimlik maqsadlarida foydalanish mumkin. Bunda yerlarni sug‘orish va ishlab chiqarish maqsadlariga gidrogeologik xulosa berish, yerosti suvlariga quduqlarni burg‘ilash hamda mavjud quduqlardan yerlarni suv tejovchi texnologiyalarsiz sug‘orish taqiqlanadi.
Izoh (0)