FootyRankings portali O‘zbekiston Superligasining 8-turidan keyingi chempionlikni qo‘lga kiritish hamda Elit Osiyo Chempionlar Ligasiga yo‘llanma olishi mumkin bo‘lgan jamoalar nomini e’lon qildi.

“Nasaf” 8-turda “Xorazm” bilan durang o‘ynagach, chempionlik ehtimoli 10 foizga pasaydi va hozirda 51 foizni tashkil qilmoqda. Garchi qarshiliklar turnir jadvalida 2-o‘rinni egallab turgan bo‘lsa-da, ularning chempion bo‘lish imkoniyati ancha yuqori baholangan. Shuningdek, Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi Elit Osiyo Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga ham da’vogarlik qilmoqda.
“OKMK” “Andijon”ni 4:3 hisobida mag‘lub etib, chempionlik imkoniyatini 12 foizga oshirdi. Ayni paytda Olmaliq klubining chempionlik ehtimoli 39 foizni tashkil qilmoqda. Mirjalol Qosimov jamoasi 8-turdagi qiyin g‘alabadan keyin Superliga turnir jadvalida 1-o‘ringa chiqib oldi.
Chempionlikka yana bir da’vogar sifatida “Neftchi” qayd etilmoqda. Farg‘ona klubining imkoniyati 5 foizni tashkil qilmoqda.
Quyi ligaga to‘g‘ridan to‘g‘ri tushib ketish xavfi eng yuqori bo‘lgan klub — “Sho‘rtan” (76%). “Buxoro” esa 14% ehtimol bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda.
Pley-offida o‘ynash xavfi yuqori bo‘lgan klublar orasida “Buxoro” (73%), “Mash’al” (65%) va “Xorazm” (62%) yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, “Qo‘qon-1912”, “Qizilqum”, “Andijon”, “Surxon” va “So‘g‘diyona” ham xavfli zonada bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
Shuningdek, Superliganing ko‘p karra chempioni “Paxtakor” (8 foiz) hamda “Dinamo” (6 foiz) ham pley-offda o‘ynashi taxmin qilingan, lekin ehtimoli juda past jamoalar sifatida qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, ayni paytda Superliga turnir jadvalida “OKMK” 19 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. Ulardan bir ochko kam to‘lagan “Nasaf” 2-o‘rinni egallab turibdi. Kuchli uchlikka “Bunyodkor” (15 ochko) yakun yasagan.
Izoh (0)