Toshkent shahri va viloyatida 80 dan ortiq yovvoyi hayvonlar tutqunlikda saqlab kelinayotgani aniqlandi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Bosh prokuratura tomonidan Toshkent shahri va viloyati hududida yovvoyi hayvonlarni noqonuniy saqlash bilan bog‘liq holatlar o‘rganilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining “Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2025-yil 1-yanvardan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan ko‘pgina (ro‘yxat asosida) yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda saqlash hamda sirk tomoshalarida yovvoyi hayvonlardan foydalanish taʼqiqlandi.
Ekologiya vazirligi davlat inspeksiyasi va Bosh prokuratura maʼlumotlariga ko‘ra, o‘rganishlar davomida Toshkent viloyati hamda shahar hududidagi pitomniklar hamda yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda saqlash joylarida 9 turdagi 80 dan ortiq sut emizuvchi hayvonlar va parrandalar, jumladan, 4 dona Afrika sherlari ruxsatnomadan tashqari, noqonuniy saqlab kelinayotgani aniqlandi.
Ushbu hayvonlarning bir qismi belgilangan tartibda saqlash uchun Toshkent shahar hayvonot bog‘iga topshirildi. O‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.
Maʼlumot uchun, O‘zbekistonning 2020-yil 8-iyuldagi “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, joriy yil 1-martdan 15-avgustga qadar ov mavsumi yopilgan. Bu vaqtda yovvoyi hayvonlar va qushlarni ovlash qatʼiy taqiqlanadi.
Sherlarni uyda saqlash mumkin emas
O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi va zaharli hayvonlar maxsus pitomniklarda boqilishi lozim.
Bundan avval Xorazm viloyatining Urganch shahrida noqonuniy saqlanayotgan sher hayvonot bog‘iga topshirilgan edi. Shuningdek, Toshkent shahar Olmazor tumanida fuqaro o‘z uyida Qizil kitobga kiritilgan qushlarni saqlab kelayotgani aniqlangandi.
Noqonuniy saqlaganlik uchun jarima
Arim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni jismoniy shaxslar tomonidan saqlash, ana shu hayvonlarni musodara qilib, fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 mln 875 ming so‘mdan 3 mln 750 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik odamlarning sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga zarar yetishiga olib kelsa, basharti jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, ana shu hayvonlarni musodara qilib, fuqarolarga BHMning 30 baravaridan 50 baravarigacha (11 mln 250 ming so‘mdan 18 mln 750 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Izoh (0)