O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar quyidagi bir yoki bir necha tavakkalchiliklar bo‘yicha qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomalarini tuzadi:
- tabiiy va texnogen ofatlar;
- yong‘in;
- o‘simliklarning zararkunandalar va kasalliklardan zararlanishi;
- qishloq xo‘jaligi hayvonlarining yuqumli kasalliklari tarqalishi va zaharlanishi;
- yovvoyi hayvonlar tomonidan ekinlarning payhon qilinishi yoki qishloq xo‘jaligi hayvonlariga zarar yetkazilishi;
- uchinchi shaxslarning xatti-harakatlari.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi ushbu sohada muvofiqlashtiruvchi davlat organi hisoblanadi.
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash sug‘urta mukofotlarining bir qismini hamda yetkazilgan zararning sug‘urta mukofotlari va qayta sug‘urta qilish mablag‘lari hisobidan kompensatsiya qilinmagan qismini qoplash uchun byudjet subsidiyalari ajratish orqali amalga oshiriladi.
Hukumat tomonidan qishloq xo‘jaligi sug‘urtalovchisi sifatida Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etiladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida
“Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgani haqida 2024-yil 25-noyabr kuni prezidentga taqdim qilingan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, paxta va g‘alla hosildorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimotida ma’lum qilingandi. Taqdimotda ushbu qonunning qabul qilinishi dehqon va fermerlarning iqtisodiy himoyasini taʼminlashi qayd etilgandi.
Ushbu qonun loyihasi Oliy Majlis qonunchilik palatasining 2025-yil 7-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilingandi. Qonun loyihasi 4-mart kuni deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborilgandi.
Izoh (0)