Madridning “Real” klubi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti jamoasining o‘yinini yaxshilash ustida ishlamoqda. Diario AS nashrining xabariga ko‘ra, Anchelotti “Atletik Bilbao”ga qarshi bahsda qo‘llagan 4–4–2 sxemasini (romb shaklidagi yarim himoya) yana sinab ko‘rmoqchi.

Bu holatda hujum chizig‘ida Vinisius Junior va Kilian Mbappe juftligi harakat qiladi, Rodrigo esa o‘yinni zaxiradan boshlashi kutilmoqda. Madird klubi Ispaniya La Ligasining so‘nggi bahsida “Atletik”ka qarshi shu taktik sxemada harakat qildi va ancha ishonchli o‘yin ko‘rsatdi. Shu bois italiyalik mutaxassis “Barselona”ga qarshi uchrashuvda ham shu uslubda o‘ynashni maqsad qilgan.
Klub 26-aprel, shanba kuni “qirollik klubi” Ispaniya Kubogi finalida “Barselona”ga qarshi bahs olib boradi. Ushbu bellashuv oldidan “Real” La Liga doirasida “Xetafe”ga qarshi o‘yin o‘tkazadi. Aynan shu uchrashuv so‘nggi tayyorgarlik vazifasini o‘tab berishi kutilmoqda.
Hozirda “Real” 69 ochko bilan Ispaniya chempionatida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Klub yetakchi “Barselona”dan to‘rt ochkoga ortda qolmoqda.
Izoh (0)