Ispaniya Kubogi final uchrashuvi doirasidagi “Barselona” — “Real” uchrashuvi yakuniga yetdi. Qiziqarli va keskin kurashlar ostida o’tgan bahsda kataloniyaliklar g’alaba qozondi.

Bahsning dastlabki daqiqalari “Barselona”ning katta ustunligi ostida o’tdi. Hansi Flik jamoasi bu ustunlikni hisobda ham aks ettirib qo‘ydi. 28-daqiqada Lamin Yamal o‘ng qanotdan “qirollik klubi” jarima maydonchasi ichiga kirib bordi hamda markazda ochiq turgan Pedriga to‘pni uzatdi. U esa chiroyli zarba yo‘llab, Tibo Kurtua darvozasini ishg‘ol qildi.
Birinchi taymning qolgan daqiqalari ham kataloniyaliklar ustunligi ostida o‘tdi, biroq darvozalarga boshqa to‘p kiritilmadi.
Uchrashuvning ikkinchi bo‘limida Karlo Anchelotti “Real” tarkibida bir qancha o’zgarishlar amalga oshirdi. Mazkur o’zgarishlar 70-daqiqaga kelib o’z samarasini berdi. “Barselona” o’z jarima maydonchasi yaqinida qoida buzdi va uni Kilian Mbappe chiroyli tarzda amalga oshirib, Shesni darvozasiga madridliklarning o’yindagi ilk golini kiritdi. 77-daqiqaga kelib, “qirollik klubi” hisobda oldinga chiqib oldi. Arda Gyulerning burchakdan uzatib bergan to’pini Chuameni bosh bilan zarba yo’llab, jamoasining o’yindagi ikkinchi golini kiritdi.
84-daqiqada hisob tenglashdi. “Barsa” tezkor qarshi hujumga o’tib, Kurtua darvozasini yana ishg’ol qildi. Gol muallifi — Ferran Torres. Ikkinchi taym oxiriga kelib, har ikki jamoa ham ancha faollashib qoldi, lekin darvozalar ishg‘ol qilinmadi va futbolchilar g‘olibni aniqlash uchun qo‘shimcha bo‘limlarga murojaat qilishdi.
Ekstra taymning dastlabki bo‘limida hisob ochilmadi. 116-daqiqaga kelib, “Barselona” yana hisobda oldinga chiqib oldi. Jyul Kunde “qirollik klubi darvozasiga to‘p kiritib, g‘alabani ilib ketdi.
Shu tariqa uchrashuv 3:2 hisobida “Barselona” foydasiga hal bo‘ldi va Hansi Flik jamoasi 2024/25-yilgi mavsum Ispaniya Kubogi sohibiga aylandi.
Ispaniya Kubogi
Final
27-aprel, shanba
“Barselona” — “Real” 3:2
Gollar: 1:0 — Pedri (28), 1:1 — Mbappe (70), 1:2 — Chuameni (77), 2:2 — Ferran (84), 3:2 — Kunde (116)
Izoh (0)