Senatning 30-apreldagi yalpi majlisida yoshga doir pensiyani proaktiv shaklda tayinlash tartibi ko‘zda tutilgan qonun ma’qullandi.

Qonun bilan aholiga pensiya tayinlash tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini faol tatbiq etgan holda, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti to‘g‘risida”gi qonunga pensiya olish yoshiga to‘lgan (erkaklar 60 yosh, ayollar 55 yosh) fuqarolarga yoshga doir pensiyani ularning alohida murojaatini talab etmagan holda proaktiv shaklda tayinlash tartibini belgilashga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Mazkur tartib amaliyotga tatbiq etilishi natijasida fuqarolardan pensiya tayinlash uchun Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘linmasiga yoki Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilish talab etilmaydi.
Bundan tashqari, pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga qonunchilikda belgilangan talablar doirasida pensiya tayinlash haqida qaror qabul qilinganida ularning telefon raqamlariga pensiya tayinlangani va uning miqdori to‘g‘risida SMS-xabar yuboriladi.
Qonunda, shuningdek, fuqaro pensiya yoshiga yetib, ammo mehnat faoliyatini davom ettirib, keyinroq yoshga doir pensiya olish istagi bo‘lganida, proaktiv shaklda tayinlangan yoshga doir pensiyani rad qilish tartibini ham joriy etish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, qonunga asosan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga barcha nafaqalarni tayinlash va to‘lash Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakolatiga o‘tkazilgani munosabati bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi va “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunlarga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Senatorlarning fikricha, belgilanayotgan normalar fuqarolarga pensiya taʼminoti bo‘yicha ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini oshirishga hamda ortiqcha byurokratik to‘siqlar bartaraf etilishiga xizmat qiladi.
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga pensiya olish yoshiga to‘lgan fuqarolarga yoshga doir pensiyani ularning alohida murojaatini talab etmagan holda proaktiv shaklda tayinlash tartibini belgilashga oid qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilgan qonun loyihasi 2025-yilning fevralida deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilingandi. Pensiya jamg‘armasiga ko‘ra, fuqaroning shaxsiga oid barcha ma’lumotlar vazirlik va idoralarning elektron bazalaridan olinadi.
O‘zbekistonda oxirgi marta 2024-yil sentyabrda pensiyalar va nafaqalar 15 foizga oshirilgan edi. Xususan, yoshga doir eng kam pensiya miqdori oyiga 834 ming so‘m etib belgilandi.
Izoh (0)