Og‘ir vazn toifasida sobiq UFC chempioni va hozirda PFL (Professional Fighters League) jangchisi bo‘lgan Frensis Ngannu Kamerunda yo‘l-transport hodisasi sodir etgan. Bu haqda Le Bled Parle portali xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa sportchi motosiklda harakatlanayotganda sodir bo‘lgan. Kuchli to‘qnashuv natijasida 17 yoshli Ntsama Brijit Manuella jiddiy tan jarohatlari oldi. Ngannu darhol jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatib, uni shaxsan shifoxonaga yetkazgan. Biroq shifokorlarning sa’y-harakatlari va zudlik bilan o‘tkazilgan operatsiyaga qaramay, qizning hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmagan.
Frensis Ngannu sodir bo‘lgan voqeadan chuqur qayg‘uga tushgani aytilmoqda. U jabrlanuvchining barcha davolanish va shifoxona xarajatlarini o‘z zimmasiga oldi. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi masalasi hozircha ochiq qolmoqda. Hodisa tafsilotlari oshkor etilmagan.
Izoh (0)