Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Usmonli imperiyasida armanlar genotsidining 110 yilligi arafasida Yerevanda o‘tkazilgan mash’ala yurishida Turkiya va Ozarbayjon bayroqlarining yoqib yuborilishini qoraladi. Bu haqda News Armenia nashri xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Armaniston poytaxti Yerevanda “armanlar genotsidi” deb atalgan voqeaning yilligiga bag‘ishlangan mash’ala yurishi o‘tkazilgan. Respublika maydonidan boshlangan namoyish oldidan ishtirokchilar Ozarbayjon va Turkiya bayroqlarini yoqib yuborishgan.
So‘ngra qo‘llarida mash’ala tutgan odamlar shaharning markaziy ko‘chalari bo‘ylab yurish boshlagan.
Armaniston bosh vaziri matbuot kotibi Nazeli Bagdasaryanning ma’lum qilishicha, Nikol Pashinyan ushbu holat yuzasidan munosabat bildirib, Turkiya va Ozarbayjon bayroqlarining yoqib yuborilishini qoralagan.
“Bosh vazir Pashinyan bunday xatti-harakatni mas’uliyatsiz va nomaqbul deb hisoblab, qattiq qoralaydi. Xalqaro miqyosda tan olingan davlatning, ayniqsa, qo‘shni davlatlarning bayroqlarini yoqish davlat rahbari tomonidan boshqacha baholanishi mumkin emas. Bu provokatsion va ig‘vogarona xatti-harakatdir”, dedi Bagdasaryan.
Qo‘shimcha qilinishicha, shu bilan birga Bosh vazir Pashinyan Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan Syunik viloyatining Xoznavar qishlog‘idagi turar joy binosi o‘qqa tutilishini, Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish tartibining buzilishini qoralab, Ozarbayjon hukumatini ushbu hodisalarni tekshirish va tushuntirish berishga chaqirgan.
Izoh (0)