Britaniyalik kino va teatr aktrisasi,“Taxtlar o‘yini” seriali yulduzi Emiliya Klark 23-oktabr kuni 37 yoshga to‘ldi.
Aktrisa “Taxtlar o‘yini” serialidagi roli bilan butun dunyoda mashhurlikka erishdi. Emiliya serialda Deyneris Targariyen qahramonini ijro etgan. Aktrisa boshqa ampluada ham o‘zining iqtidorini namoyon qila oladimi yoki yo‘q, buni faqat vaqt ko‘rsatadi. Hozirda uning filmografiyasida mashhur “Terminator: Genezis”, “Yulduzlar jangi” va boshqa loyihalar mavjud.
Bolalik va o‘smirlik
Emiliya Klarkning to‘liq ismi Emiliya Izabel Evfimiya Rouz Klark bo‘lib, 1986-yilda Londonda tug‘ilgan, biroq uning bolaligi poytaxtdan bir soatlik masofada joylashgan Oksfordshir shahrida o‘tgan. Emiliya va uning akasi Ben tabiat qo‘ynida ulg‘aydi: “Bizning bog‘imizda ariq bor bo‘lib, atrof faqat dala edi. Qo‘ziqorin terib, o‘rdaklar boqardik ”, — deb eslaydi aktrisa.
Emiliya Klarkning ota-onasidagi fidoyilik hurmatga loyiq: otasi qizi tug‘ilgunga qadar oddiy ishchidan mashhur musiqiy asarlar bastalovchi ovoz prodyuserigacha bo‘lgan uzoq yo‘lni bosib o‘tgan. Bo‘lajak aktrisaning onasi esa o‘z faoliyatini kollej kotibasi sifatida boshlagan, keyin mustaqil tadbirkorlik bilan shug‘ullangan.
Emiliyaning yodga olishicha, uni uch yoshida otasining ishxonasiga olib borishgan. Odatda shovqinli va notinch bo‘lsa-da, u ikki soat davomida sahnaga maftun bo‘lib tikilgan va parda tushganida kaftlari og‘riydigan darajada qarsak chalgan. Sahna ortidagi dunyo qizni shunchalik hayratda qoldirganki, u keyinchalik hayotini teatrsiz tasavvur qila olmasligini anglab yetgan.
Emiliya yoshligidanoq Oksfordda joylashgan Avliyo Edvard nomidagi maktab-internat qoshidagi drama to‘garagida aktyorlik kasbining nozik jihatlarini o‘rgandi. Bu yerda u birinchi marta ikkita spektaklda sahna yuzini ko‘rdi.
Aktrisaning so‘zlariga ko‘ra, uni o‘z sohasining vunderkindi deb atash yolg‘on bo‘ladi. Uning ishtirokidagi birinchi spektakl premyerasida besh yoshli Klark sahnaga chiqdi va so‘zlarni unutdi. Oldingi qatorda o‘tirgan o‘qituvchilar replika aytsa-da, ammo Emiliya jim turishda davom etdi. Jajji aktrisa bundan qo‘rqmas, aksincha, mutlaqo xotirjam edi. “Bu holat meni butun karyeram davomida qo‘llab-quvvatladi”, — deydi Klark.
San’atga bo‘lgan muhabbat Emiliyani boshqa bolalardan ajratib turdi. Tengdoshlar istisnosiz mo‘may daromadi uchun huquqshunos yoki professional sportchi bo‘lishni xohlardi. Aktrisa esa o‘zini oq qarg‘adek his qilar va har bir o‘quvchi bilan do‘stlashishga intilardi.
2004-yilda o‘rta maktabni tugatgandan so‘ng Emiliya Klark ko‘plab mashhur aktyorlar, masalan, Tom Xardi, Pol Bettani va Jeyms MakEvoyning rafiqasi Ann-Mari Daff ta’lim bergan London drama markaziga kirish uchun poytaxtga qaytib keldi.
Kinodagi karyeraning boshlanishi
2009-yilda Emiliya Klark birinchi marta ekranlarda paydo bo‘ldi. Yosh aktrisaning birinchi ishi “Shifokorlar” teleserialida Saskiya Mayerning roli edi. Televizion debyutni muvaffaqiyatsiz deb atash qiyin-u, ammo bu rol aktrisaga mashhurlik keltirmagandi.
2009-yilda London drama markazi diplomini olgandan so‘ng Emiliya Klark Londonni tark etib, Los-Anjelesga yo‘l oldi. U yerda, kino yulduzlari shahrida, aktrisa Gollivuddagi eng qadimgi teatr — “Farishtalar kompaniyasi”ga ishga kirdi. Yosh ingliz ayol uchun bu davrning birinchi va yagona ishi tanqidchilar tomonidan juda yaxshi qabul qilingan “His” spektakli edi.
2010-yil boshida qiz teatr tomoshalaridan biroz vaqt ajratdi va yana “Trias davridan hujum” filmida suratga tushish uchun ekranlarga chiqishga urindi. Bu safar aktrisa ekranlarda to‘satdan jonlangan dinozavrlarga qarshi turishga to‘g‘ri kelgan yosh va jasur Savanna rolida paydo bo‘ldi.
“Taxtlar o‘yini”
2010-yilda 24 yoshli Emiliya Klark do‘stlari bilan kichkina kvartirani ijaraga oldi, ijara haqini to‘lash uchun oltita joyda ishladi, lekin bir kuni unga ajoyib taklif tushishidan umidini uzmadi.
Shunday bo‘ldi ham — kutilmaganda kechqurun uning telefoni jiringladi; go‘shakning narigi tomonida yosh aktrisani hayratda qoldirgan agent so‘zlar edi. “Jorj Martinning romanlarini ekranlashtirayotgan HBO kanali Deyneris Targariyen rolini o‘ynash uchun qiz qidirmoqda, ertaga suhbat rejalashtirilgan. Siz ‘Taxtlar o‘yini’da o‘ynashingiz kerak!”, deb ta’kidladi agent.
Emiliya talabchan prodyuserlar oldida kimni o‘ynashini bilmasdi. Dastlab u “Vikipediya”ga kirdi va maqolani o‘qib bo‘lgach, rozi bo‘lish kerakligini tushundi, chunki personaj deyarli voqeaning eng yorqin qahramoni bo‘lishi shubhasiz edi.
Emiliyaning tashqi ko‘rinishi kasting menejerlari izlayotgan talabga mutlaqo zid edi. Ularga baland bo‘yli, ozg‘in va sariq aktrisa kerak bo‘lgan. Emiliya esa anchagina to‘la, bo‘yi past va qoramag‘iz va o‘ziga xos tabassum bilan boshqalardan ajralib turardi.
Biroq kasting rejissori ssenariydan ikkita monologni ijro etgan qizning o‘yiniga katta qiziqish bilan qaradi va kastingdan so‘ng shunday dedi: “Siz zo‘r ijro etyapsiz, keling, qora sochlaringiz o‘rniga sariq rang qanday ko‘rinishini sinab ko‘ramiz”. Tasdiqdan so‘ng dizaynerlar ikki oy ichida kulrang kumushga o‘xshash har xil rangdagi yettita parik yasadi.
“Men bu rolga tasdiqlanganimda, xursandligimdan o‘lishimga bir bahya qoldi”, — deydi bundan oldin boshqa kasbda o‘z omadini sinab ko‘rish xayoli bilan yurgan Emiliya. Ko‘p soatlik suratga tushishlar, tartibsizliklar va yangi taassurotlarga to‘la hayot boshlandi — qiz baxtdan yettinchi osmonda uchdi.
Emiliya Klark tomonidan ijro etilgan sariq sochli Deyneris Targariyen har qanday kiyimda ajoyib ko‘rinardi. Ammo millionlab tomoshabinlarning sevgisini nafaqat uning ajoyib ko‘rinishi olib keldi, balki Emiliyaning fe’l-atvori, fidoyilik, jasorat va rahm ham sabab bo‘lgan.
Ikki qismdan so‘ng aktrisa ikkinchi va uchinchi mavsumda suratga tushish uchun shartnoma imzoladi. Rejissorlar ham, tanqidchilar ham uning mahoratiga hech ikkilanmasdan barcha turdagi televizion mukofotlarga nomzod qilib ko‘rsatdi. 2015-yilga kelib, uning kolleksiyasida “Emmi” haykalchasi va “Saturn” mukofoti paydo bo‘ldi, ikkalasi ham teleserialning eng yaxshi ikkinchi darajali aktrisasi uchun edi.
Birinchi faslning suratga olish ishlari tugagandan so‘ng Emiliyaning sog‘lig‘ida muammolar paydo bo‘la boshladi: uning boshi aylanib, qon bosimi ko‘tarildi. U buni doimiy zo‘riqishlarning natijasi deb o‘yladi. Ammo sport mashg‘ulotlaridan so‘ng uning boshi qattiq og‘ridi va uni kasalxonaga olib borishdi. U yerda shifokorlar insultning bir turi bo‘lgan “subaraxnoid qon ketish” tashxisini qo‘ydi. Bu miya anevrizmasi tufayli sodir bo‘lgandi.
Uch soat davom etgan operatsiya bosh suyakni ochishni talab qilmadi, ammo Emiliya nutq va xotirada muammolarga duch kela boshladi, u hatto o‘z ismini ham eslay olmadi. Shifokorlar buni afaziya — operatsiyaning ta’siri deb tushuntirdi. Klark dahshatga tushdi, chunki uning kasbida tushunmasdan nutq so‘zlab bo‘lmaydi. U yashayotgan hamma narsasini yo‘qotishi mumkin edi, lekin baxtga ko‘ra, bir haftadan so‘ng uning nutqi tiklandi.
Bosh og‘rig‘i aktrisani darhol tark etmadi. Ikkinchi mavsum hamma uchun eng og‘ir film edi. U nafaqat ko‘p mehnat qilishi, balki jurnalistlar bilan muloqot, muxlislarga shirin tabassum qilishi va og‘riqni morfi dorisi bilan bostirishi kerak edi. Yangi mavsumlarni suratga olish o‘rtasida Emiliya ikkita ingliz filmida rol o‘ynadi: “Spayk Aylend” musiqali dramasi va “Xeminguey uyi” komediyasi.
2013-yilda Aktrisaning bosh og‘rishi kasalligi qaytalandi va avvalgidan ham kuchliroq bo‘ldi. Miya tomografiyasidan so‘ng shifokorlar Emiliyaga operatsiyasiz o‘lishi mumkinligini ma’lum qildi. Operatsiya paytida uning anevrizmasi yorilib ketdi. Aktrisa operatsiya stolida og‘riqdan uyg‘onib ketdi. Shifokorlar darhol uni uchinchi operatsiyaga tayyorlashni boshladi. Bu safar bosh suyagini ochish kerak edi. Hammasi yaxshi bo‘ldi va o‘sha vaqtdan beri Emiliya o‘zini juda yaxshi his qilmoqda.
Albatta, Emiliya Klarkka Gollivudning yirik rejissorlari ham qiziqish bildirdi. Yaqinda o‘tkazilgan operatsiyaga qaramay, Emiliya 2013-yilda “Terminator Genezis” epik filmida Sara Konnor rolida o‘ynash taklifini qabul qildi. Aktrisa o‘zini beixtiyor franshizaning dastlabki ikki qismidagi Linda Xemilton bilan solishtirishidan qo‘rqardi, ammo qo‘rquvlar behuda edi — u Arnold Shvarsenegger va Jeyson Klark bilan hamkorlikda ajoyib ishtirok etdi.
Shaxsiy hayot
2012-yil sentabr oyining boshlarida aktrisa mashhur Gollivud rejissori va animatori Set Makfarleyn bilan uchrashdi. Ularning munosabatlari tez rivojlandi, ammo 2013-yil mart oyida juftlik ajralishayotganini e’lon qildi. Ayrim jurnalistlar ta’kidlaganidek, bunga Emiliya Klarkning “Taxtlar o‘yini”dagi Jon Snou roli bilan tanilgan aktyor Kit Xarrington bilan ishqiy munosabati sabab bo‘lgan.
Emiliya Klark va Kit Xarrington o‘rtasidagi munosabatlar bir necha yillardan beri qiziquvchan muxlislar orasida sevimli muhokama mavzusi bo‘lib kelgan. Ularni tez-tez birga ko‘rishadi yoki ko‘chalarda sayr qilishadi va barcha ijtimoiy tadbirlarda, serialning asosiy aktyorlari taklif qilinganda, ularni yonma-yon ko‘rish mumkin. Aktyorlarning o‘zi sevgi munosabatlari haqidagi mish-mishlarni rad etdi. Emiliyaning so‘zlariga ko‘ra, suratga olish guruhining barcha a’zolari unga oilasidek va Piter Dinkleyj, Nikolay Valdau yoki Richard Madden ham iliq munosabatda bo‘ladi.
2016-yil aprel oyi boshida Deneyris va Jon Snou o‘rtasidagi munosabatlar haqidagi taxminlar nihoyat barham topdi: Kit Xarrington “yovvoyi” rolini o‘ynagan hamkasbi Rouz Lesli bilan birga omma oldida paydo bo‘ldi. 2018-yil oktabr oyida muxlislar Emiliyaning sirli sevgilisini payqab qoldi. U aktyor Malkolm Makdauellning o‘g‘li, rejissor Charli Makdauell edi.
Ammo 2019-yilning fevral oyida Emiliya Charli bilan ajrashganini e’lon qildi. Klarkka yaqin manbalarga ko‘ra, ularning munosabatlariga suratga tushish ishlaridagi bandlik ta’sir qilgan. Charli Instagram’da obunachilar orasidan Emiliyani va u bilan birgalikda tushgan suratlarini o‘chirib tashladi. Xavotirga tushgan muxlislar bu haqda so‘raganida, u: “Bu mening qarorim emas”, deb ajrim tashabbusi Klarkdan chiqqanini ma’lum qildi.
Yoz oylarida Charli aktrisa Lili Kollinz bilan uchrashishni boshladi. Shundan keyin Emili Instagram’da Rouz Lesli bilan tushgan rasmini joylashtirdi. U baxtli ko‘rinardi va hayotida Charlining yo‘qligidan xavotirlanmadi.
2020-yilda ommaviy axborot vositalarida qizning yangi munosabatlari haqida mish-mishlar paydo bo‘ldi va “Doktor Kim” serialining yulduzi Mett Smit uning tanlanganiga aylandi. Juftlikning o‘zi bu xabarga hech qanday izoh bermadi.
2017-yil avgust oyida Emiliya “Open Doors” jamoasining a’zosiga aylandi, bu tashkilot aktyorlikka intiluvchi drama maktablari uchun suhbatlarda qatnashishda yordam beradi. 2018-yilda Emiliya Shon Penn xayriya auksionida ishtirok etdi. Aktrisa qo‘ygan lot — bu “Taxtlar o‘yini” epizodlaridan birini tomosha qilish imkoniyati edi. Lot 120 ming dollarga sotib olindi, bu J/P Pro va Disaster Relief yordam berish fondlari ehtiyojlariga sarflandi. Ikkala tashkilot ham tabiiy ofat qurbonlariga yordam beradi. 2019-yilda aktrisa miya anevrizmasi bo‘lgan bemorlarga yordam beradigan Same You xayriya jamg‘armasini ishga tushirdi.
So‘ngra YouTube bloger Jacksepticeye bilan xayriya eshittirishini boshladi. Ularning jonli efiri taxminan 250 ming dollar yig‘di. Barcha pullar “Same You Foundation”ga sarflandi.
“‘Taxtlar o‘yini’ bo‘lmaganida, men qayerda bo‘lardim?” Bilmayman. Ehtimol, hech qayerda. Men suratga tushishni qanday boshlaganimni eslayman — o‘sha vaqtda 22 yosh edim, hech narsa qo‘limdan kelmasdi. Ammo endi bu boshqa masala,” — deydi aktrisa. Ammo HBO telekanalining eng mashhur loyihasi — “Taxtlar o‘yini” tugasa-da, aktrisaning kayrerasi tugamadi. U 37 yoshga to‘ldi, uning karyerasi bir vaqtlar umid qilganidek gullab-yashnadi. 2022-yilda aktrisa Marvel’ning yangi “Maxfiy hujum” nomli serialida paydo bo‘ladi. Disney + platformasida chiqadigan serial Emiliyaning karyerasiga yana kuchli turtki berishi kafolatlangan.
Izoh (0)