Angliyaning janubi-sharqidagi Esseks grafligi politsiyasi katta ofitseri Tom Saymons lavozimini suiiste’mol qilib, ikki ayol bilan jinsiy aloqa qilishga uringani uchun ishdan haydaldi. Bu haqda Politsiyachilarning xulq-atvorini nazorat qilish bo‘yicha mustaqil idora (IOPC) xabar qildi.
Kasbiy chegaralarni saqlash muhimligi haqida eslatilganiga qaramay, ofitser ayollar bilan muloqot chog‘ida shilqimlikni davom ettirgan, deyiladi idora xabarida.
Esseks politsiyasi bir nechta ayblovlardan so‘ng birinchi marta ishni 2022-yil mart oyida IOPC’ga yuborgan edi.

Shundan so‘ng IOPC mustaqil tergov boshlagan. Saymonsning o‘zi bilan suhbatlashildi, uning uyida tintuv o‘tkazildi va tergov doirasida uning mobil telefoni va boshqa qurilmalari tekshirildi.
2024-yil yanvar oyida kuzatuv tashkiloti ishni ko‘rib chiqish uchun prokuratura xizmatiga topshirdi, ammo iyun oyida prokuratura politsiya ofitseriga ayblov qo‘ymaslikka qaror qilinganini ma’lum etdi.
Ammo Bedfordshire politsiyasi boshlig‘i yordamchisi Jon Merfi raisligidagi hay’at Tom Saymons qo‘pol qoidabuzarlik sodir etgan va politsiyaning professional xatti-harakatlar standartlarini buzgan deb topdi.
Saymons barcha ayblovlarni rad etganiga qaramay, u ogohlantirilmasdan ishdan bo‘shatildi va politsiyada ishlash taqiqlanganlar ro‘yxatiga kiritildi.
IOPC direktori Emili Barri mazkur hodisaga quyidagicha munosabat bildirdi:
“Men nopok politsiya xodimining xatti-harakatlari haqida xabar berish uchun kelgan ayollarning jasoratini e’tirof etmoqchiman.
Ular ofitserning bosimiga duch kelishdi, ammo bizning tergovimiz huquqbuzarliklar bo‘yicha sud majlisida taqdim etilgan kuchli dalillarni to‘plashga muvaffaq bo‘ldi, natijada Saymons ishdan bo‘shatildi.
U haqli ravishda ishini yo‘qotdi. Bu kabi xatti-harakatlar jamoatchilikning politsiya xodimlariga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazadi”.
Esseks politsiyasi boshlig‘i Ben-Julian Xarrington esa jinsiy zo‘ravonlik sodir etib, javobgarlikdan qutulish mumkin, deb noto‘g‘ri o‘ylaydigan xodimlar uchun politsiyada o‘rin yo‘qligini ma’lum qilgan.
Izoh (0)