13-noyabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan urush oldidan Gitler bilan uchrashgan Molotov, Kolumbiya hukumatining beparvoligi sabab halok bo‘lgan 23 ming inson hamda Parijdagi teraktlar seriyasiga oid faktlar o‘rin olgan.
Gitler bilan ittifoq tuzishni rad etgan Molotov
1940-yil 13-noyabr kuni SSSR hukumati raisi va tashqi ishlar komissariati rahbari (hozirgi tashqi ishlar vaziri) Vyacheslav Molotov Berlinda Adolf Gitler va Yoaxim fon Ribbentrop bilan uchrashgan. Sovet Ittifoqiga Uch tomonlama paktga qo‘shilish, ya’ni Angliyaga qarshi urushda Germaniya bilan ittifoq tuzish taklif etilgan. Molotov natsistlar taklifini rad etib, qattiq shartlarini bildirgan.SSSR hukumati raisi Vyacheslav Molotovning Berlinda Uchinchi reyx yetakchisi bilan uchrashuviga katta e’tibor qaratilgan: o‘sha vaqtda jiddiy inqirozni boshdan o‘tkazayotgan ikki davlatning kelajakdagi munosabatlariga oid masala hal etilishi lozim edi. Muzokaralar jarayonini Iosif Stalin nazorat qilgan. Belgilangan vaqtda perrondan bir G‘arbiy Yevropaga xos bir nechta vagon harakatga tushgan. Berlindan sovet hukumati vakillari bilan birga nemis elchixonasi xodimlari ham yo‘l olgan.Safar ko‘ngilsiz voqea bilan boshlangan: poyezd 10 metrdan keyin to‘xtab qolgan, keyin harakatga tushgan va yana keskin to‘xtagan. Aniqlanishicha, Germaniyaning SSSRdagi elchisi Fridrix-Verner fon der Shulenberg parad mundirini olib kelishga ulgurishmagani bois ikki marta stop-kranni tortgan: u Berlinga yetib borganda vagondan o‘sha kiyimda tushishni istagan. Oxir-oqibat poyezd diplomatning yukni kutmasdan harakatlanishga qaror qilgan. Xalq komissarlari kengashi ishlar boshlig‘i Yakov Chadayevning eslashicha, Shulenbergning chamadonlari bor mashina maxsus propusk yo‘qligi bois vokzal oldi maydoniga kiritilmagan. Shu sababli ikkita avtomobil poyezd ortidan yo‘l olgan.
“Sovet delegatsiyasi Berlinga borib, Gitlerga uning Ruminiya, Bolgariya, Finlyandiyaga nisbatan tushunarsiz va yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan munosabatini aytishni rejalashtirgan edi. Sovet Ittifoqi—Germaniya munosabatlari keskinlashib borardi, tuzilgan bitim vaqt sinovidan o‘tmagandi”, — deydi Chadayev.
Bu Molotovning 1921-yildan beri birinchi safari edi — u kamdan-kam hollarda Moskvani tark etardi. Berlin vokzalida Molotovni tashqi ishlar vaziri Yoaxim fon Ribbentrop va faxriy qorovul kutib olgan. Orkestr SSSRning rasmiy madhiyasi “Internatsional”ni chalgan. Natsistlar Germaniyasi uchun bu istisnoli holat edi. Shu kunning o‘zida Molotov va Ribbentrop o‘tkazilajak muzokaralar tartibini muhokama qilgan.
Uchinchi reyx TIV rahbari mehmonga Germaniya, Italiya, Yaponiya va SSSR o‘rtasidagi ta’sir doiraga oid bitim loyihasini taqdim etgan. Sovet Ittifoqiga Fors ko‘rfazi janubi tomon, u yerdan Hind okeaniga harakatlanish taklif etilgandi. Ribbentrop garov sifatida Moskvaga Qora dengizdagi ko‘rfazlar nazorati bo‘yicha Turkiya bilan kelishuvga erishish muzokaralarida yordam berishni taklif etgan. Bunga javoban Molotov Uch tomonlama pakt — Germaniya, Italiya va Yaponiya o‘rtasida chegara zonalariga oid bitim to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hamda uning ishtirokchilari rejalarini so‘ragan. Molotovning ta’kidlashicha, ta’sir doiraga oid bitim yuqori aniqlikni talab etadi. Suhbat shu yerda tutagan: ular Gitler bilan uchrashuvga yo‘l olgan.“Kutilganidek fyurer Molotovga urush istiqbollarini ko‘p gap va chalkash holatda tushuntirib bergan”, — deb yozadi britaniyalik tarixchi Jeffri Roberts. Bunga javoban narkom bir nechta tushunarsiz qaydlarni bildirgan, keyin Gitlerga Stalin direktivalaridagi savollarni bergan: Uch tomonlama paktning ma’nosi nima? Yevropa va Osiyo uchun “yangi tartib” — Germaniya natsistlari rejasining qanday ahamiyati bor? Bu loyihada SSSRning roli qanday? Gitler Uch tomonlama paktda SSSR ham ishtirok etishini xohlashini aytgan, Molotov esa bunga javob qaytargan: “Sovet Ittifoqi to‘rtta derjavaning bitimida ishtirok etishi mumkin, biroq obyekt emas, sherik sifatida”.
Keyinchalik natsistlar yetakchisining tarjimoni Pual-Otto Shmidtning eslashicha, Molovot savollarini ketma-ket yog‘dirgan: “Xorijliklardan hech kim mening ishtirokimda Gitler bilan bunaqa gaplashmagan”. Muzokaralar Britaniya aviatsiyasining hujumi xavfi sabab 2,5 soatdan keyin to‘xtatilgan.
Narkom nemis qo‘shinlarining Finlyandiya orqali o‘tkazilishini va mamlakatda sovetlarga qarshi namoyishlarni to‘xtatishga chaqirgan. O‘z navbatida Gitler Angliya harbiy mag‘lubiyatga uchrasa, Britaniya imperiyasining hududlari bo‘lib olinishini so‘ragan. Shundan so‘ng, Molotov gapni Turkiyaga masalasiga burgan: Moskva Anqara bilan nafaqat ko‘rfazlar borasida bitim imzolashni, balki Bolgariyani “o‘ziga bog‘lab olishni” xohlagan. Shu yerda fyurer to‘g‘ridan to‘g‘ri javobdan qochib, Benito Mussolini bilan maslahatlashishi kerakligini aytgan.
Kechga sovet elchixonasida Molotovning sharafiga tantanali bazm uyushtirilgan. Unga Ribbentrop ham tashrif buyurgan. U Gitlerdan aniq taklifni olib kelgandi: SSSR Uch tomonlama paktga qo‘shiladi va bitimga ikkita maxfit protokol kiritiladi — ulardan biri ta’sir doirasini belgilaydi, ikkinchisi turklarning Qora dengiz ko‘rfazlaridagi hukmronligini tugatishga bag‘ishlangan. Molotov Ruminiyaning Vengriya bilan taqdiri, Italiya va Germaniyaning Gretsiya hamda Yugoslaviyaga nisbatan munosabatlari bilan qiziqqan. Ribbentrop javobdan qochib, SSSR Britaniya imperiyasini yo‘q qilishda ishtirok etadimi deya so‘ragan. Molotov takrorlagan: “bu haqida gapirishga hali erta, dastavval hozirgi sovet—nemis munosabatlari muammolarini hal etishimiz kerak”.
Yakuniy to‘xtamga kela olmagan diplomatlar suhbatni yakunlashga uringan. Shu payt ingliz samolyotlari yana Germaniya poytaxtiga zarbalarni amalga oshirgan. Suhbatdoshlar zudlik bilan xavfsiz joyga o‘tgan. Bu Molotovga Ribbentropni Britaniya imperiyasining kuni bitgani haqidagi gaplarini o‘ziga qarshi ishlatishga sabab bo‘lgan.
“Agarda Angliya yakson etilgan bo‘lsa, nega biz bu panagohda yashirinib o‘tiribmiz? Portlashlari shu yerga qadar eshitilayotgan ushbu bombalar kimga tegishli?”, — degan SSSR hukumati rahbari. Ertasi kuni 14-noyabrda nemis aviatsiyasi Koventriga javob zarbalarini bergan.
Moskvaga qaytgan Molotov fyurer bilan muzokaralariga oid batafsil hisobotni Markaziy qo‘mita Siyosiy byurosiga taqdim etgan. Uning xulosasiga ko‘ra, “fashistik tomon tashabbusi bilan boshlangan uchrashuv shunchaki namoyishkorona namoyish edi”. Chadayevga ishoniladigan bo‘lsa, aynan o‘sha vaqtda narkom Germaniya SSSRga hujum qilishni rejalashtirayotganini xulosa qilgan — Stalin ushbu prognozga qo‘shilgan. Shunga qaramay, Molotov va Stalin nemis fyureri bilan muloqotni davom ettirish niyatida bo‘lgan.
25-noyabr kuni Molotov Shulenburgga SSSRning Uch tomonlama paktda ishtirok etish shartlari memorandumini taqdim etgan. Talablar orasida Finlyandiyadan nemis qo‘shinlarining bir qismini olib chiqish, shuningdek, o‘zaro yordam to‘g‘risida sovet—bolgar bitimini imzolash, Moskvaga Qora dengiz ko‘rfazlarida harbiy-dengiz bazalarini yaratishni ta’minlaydigan Turkiya bilan kelishuv, Yaponiyani Saxalin shimolida ko‘mir va neft qazib olish huquqidan mahrum etish bor edi. Sovet tomonining takliflari javobsiz qoldirilgan.XX asr Pompeyi: 23 ming inson umriga zomin bo‘lgan vulqon
1985-yil 13-noyabr kuni Kolumbiyadagi Nevado-Del-Ruis vulqoni otilishi oqibatida bir necha o‘n ming kishi halok bo‘lgandi.O‘shanda Libano shtati hududida joylashgan vulqonning harakatga kelishi oqibatida 23 mingga yaqin inson va 15 ming uy hayvonlari halok bo‘lgandi. Armero va Chinchina shaharlari Yer yuzidan butunlay o‘chirib tashlangan. Bu qadimgi Rim shaharlari — Pompey, Stabii va Gerkulanum taqdirining XX asrdagi takrorlanishi edi.Nevada-del-Ruis vulqoni otilishidan oldin bir necha bor qo‘zg‘algan. Otilishi 1985-yil noyabrida sodir bo‘lgan. U bundan oldin 1595 va 1845-yillarda ham harakatga kelgan, xususan, oxirgi marta otilganida bir necha soniyada Laguniya vodiysini yakson qilib, 1000 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. Oqib o‘tgan lavaning qotishidan paydo bo‘lgan yuzaga keyinchalik Armero shahri qurilgan.
Vulqon otilishiga oid birinchi belgilar bir yil oldin aniqlangan, biroq Kolumbiya hukumati ichki siyosiy muammolar sabab unga yetarlicha e’tirob qaratmagan. 1985-yil fevral va iyulida bir necha guruh jurnalist hamda geologlar hududga tashrif buyurib, o‘zlari bilan zamonaviy seysmografik qurilmalarni olib kelgan. Fojiadan bir oy oldin hukumatga tadqiqot natijalari keltirilgan hisobotlar yuborilgan. Unda Nevado-del-Ruis otilish chegarasida turgani va bir necha haftadan keyin harakatga kelishi, shu bois yaqin atrofdagi shaharlar xavf ostida ekani keltirilgan.
Shunday bo‘lsa-da, hukumat buni oldindan vahima ko‘tarish deya hisoblab, Armero, Ambalema va boshqa shaharlar vulqon otilishni boshlaganidan keyin evakuatsiya qilinishiga kelishilgan. Agarda evakuatsiya ishlarining barchasi o‘sha vaqtda boshlanganida, qurbonlar omon qolgan bo‘lardi.
Soat 21:08 da kuchli vulqon otilishi yuz berib, cho‘qqidagi butun qorni eritib yuborgan. Taxminlarga ko‘ra, vulqon 10 million metr kubdan ortiq piroklastik materillarni chiqargan va u 100 kilometr radiusdagi hududni qoplagan. Ular qor bilan aralashib, vodiy tomon oqqan holda soatiga 50 kilometr tezlikdagi selni hosil qilgan.
Ulardan biri Chinchina shahrini ko‘mib yuborgan, oqibatda 1927 kishi halok bo‘lgan. Qolgan oqimlar 1595 va 1845-yillarda hosil bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘ylab harakatlangan. Avvaliga ular aholi punktlari yonidan o‘tib, hech kimga zarar yetkazmagan. Biroq ikki soatdan keyin vulqonning yangi tezkor oqimi Armero shahriga yopirilgan. Guvohlarning aytishicha, mazkur voqealar oxirzamonni eslatgan. Bir necha daqiqa ichida loy oqimi 28,7 ming aholisi bo‘lgan 21 ming kishini olib ketgan. Keyinroq sobiq shahar hududidan yana to‘rtta sel oqib o‘tgan: ulardan biri 14-noyabr kuni soat 11:35 da sodir bo‘lib, balandligi 5 metrga yetgan.Hodisa joyiga yetib kelgan qutqaruvchilar qarshisida syurrealsitik dahshatni yodga soluvchi kartina paydo bo‘lgan: ag‘anagan daraxtlar, pachoqlangan avtomobillar, yuk mashinalari, avtobuslar; dabdalasi chiqqan jasadlar va bo‘linib ketgan hayvonlar — bularning barchasi qalin kul-loy qatlamiga aralashib ketgan. Ularning sa’y-harakatlariga qaramay, Aramero aholisining omon qolganlar fuqarolarini aksariyati seldan o‘tishda loyga cho‘kib ketgan. Yo‘qotishlar hisob-kitobi davomida aniqlanishicha, vulqon 23 mingga yaqin inson va 15 ming hayvon o‘limiga sabab bo‘lgan.Bundan tashqari, 4,5 ming shaharlik jarohat olgan, 8 mingdan ortig‘i boshpanasiz qolgan. Tabiiy ofat 1 milliard dollarlik zarar keltirgan, bu Kolumbiya YaIMning 20 foizini tashkil etardi. Shunday qilib, hukumatning olimlar prognozlarini e’tiborsiz qoldirishi qimmatga tushgan.Parijda yuzlab insonlar umriga zomin bo‘lgan teraktlar seriyasi
2015-yil 13-noyabr kuni kechasi Parij va uning atrofida yuz bergan hujumlar seriyasi oqibatida 130 kishi halok bo‘lgandi. Fransiyadagi mazkur voqealardan keyin mamlakatda Shengen zonasini takomillashtirish va migrantlar ustidan nazoratni kuchaytirish kerakligi haqida gapira boshlagan.Barchasi 13-noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 21:00 da boshlangan — shu kuni Fransiya va Germaniya terma jamoalari o‘rtasida futbol uchrashuvi o‘tkazilayotgan Sen-Denidagi “Stad de Frans” stadioni yaqinida portlashlar yuz bergan. Uch nafar hudkush ikkita tezkor ovqatlanish muassasasiga va stadion yaqinidagi barga kelgan. Bu yerda uch kishi halok bo‘lgan.Uch kishidan iborat yana boshqa terrorchilar guruhi Parij shimoli-sharqidagi kafe hamda restoranlarga hujum uyushtirgan. Sharonn bulvarida — 18 kishi, Fonten-o-Rua ko‘chasida — besh kishi, Alliber ko‘chasida — 14 kishi halok bo‘lgan.
Qurbonlarning asosiy qismi Amerikaning Eagles of Death Metal rok-guruhi konsert berayotgan “Bataklan” konsert zalida vafot etgan — u yerga 1,5 mingga yaqin odam to‘plangandi. Ularning barchasi odamlarga qarata o‘t ochgan terrorchilarning asiriga aylanib qolgan.
“Ikki yoki uch kishi zalga kirib, avtomatdan o‘q uzishni boshladi. Ulardan birining qo‘lida Kalashnikov avtomati bor edi. Otishma 10-15 daqiqa davom etdi. O‘qdon 3-4 martalab almashtirildi… Sahna quladi, men ovoz pultida edim. Keyin esa murdalar oralab yurib bordim, qon juda ko‘p edi. Ko‘chada ham halok bo‘lganlar yotardi…”, — deydi voqea guvohi Julyen Pirs.
Terrorchilar bilan boshlangan muzokaralar davomida ular o‘zlarining biror talabini ilgari surmagan, shu bois politsiya “Bataklan”ga shturm boshlagan. Maxsus xodimlarning operatsiyasi uch daqiqa davom etgan — bu vaqt ichida ular bosqinchilardan birini o‘ldirishga muvaffaq bo‘lgan. Ikki nafari binoning yuqori qavatida o‘zini portlatib yuborgan. Hujum jami 89 kishining umriga zomin bo‘lgan.14-noyabrga o‘tar kechasi butun Fransiya hududida favqulodda holat rejimi joriy etilgan, chegara nazorati kuchaytirilgan. Jamoat tadbirlari bekor qilingan, diqqatga sazovor maskanlar yopilgan. Disneylend ham o‘z tarixida birinchi marta tashrif buyuruvchilar uchun eshiklarini yopishga majbur bo‘lgan. Fransuz kuchlari va harbiylari yuqori safarbarlikka jalb etilgan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, hujumlar seriyasi uchun mas’uliyati ISHID terrorchilik tashkiloti o‘z zimmasiga olgan. Parij prokuraturasi “Terrorizmga bog‘liq qotilli” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Parijdagi teraktdan keyin Fransiya sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi terrorga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z uslubini taklif etgan: asosiy fransuz telekanali TF-1 orqali u radikal dindorlarda elektron moslamalar taqish mumkinligini ma’lum qilgan — prezidentning fikricha, bu potensial jinoyatchilarni nazorat qilish va yangi teraktlarning oldini olishga yordam beradi. Mazkur aksiyada mamlakat xavfsizligiga tahdid tug‘diradiganlar ro‘yxatiga kiritilgan 11,5 ming kishining barchasi moslamani taqish kerak yoki kerak emasligiga Sarkozi aniqlik kiritmagan.
Noyabr voqealaridan keyin Fransiya prezidenti Fransua Olland davlatning favqulodda choralar vaqtida vakolatlarini kengaytirish, jumladan, hibsga olish va tintuvlar o‘tkazishni qo‘llashini taklif etgan. Unga qadar mazkur vakolatlar cheklangan, favqulodda holat rejimi esa 12 kungina davom etgan. Teraktlar uni uch oygacha uzaytirish imkonini bergan.
Terrorchilar hujumi o‘ng qanot siyosatchilariga muhojirlar oqimini qattiq nazoratga olish haqida gapirish imkoniyatini tug‘dirgan. “Shengen bitimi qochoqlar bilan bog‘liq hozirgi vaziyat uchun ishlab chiqilmaganini tushunishimiz kerak va shu sababli u zamonaviy sharoitda ishlay olmaydi. Yevropa Ittifoqiga chegaralardan o‘tishni nazorat qiladigan yangi bitim lozim”, — degandi Belgiyadagi partiyalardan birining yetakchisi Tom van Griken.
“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.
Izoh (0)