Toshkent viloyatida “Tig‘” maxsus profilaktik tadbirlari o‘tkazildi. Bu haqda viloyat IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbir davomida ko‘cha va jamoat joylari, shuningdek boshqa hududlarda o‘tkir tig‘li ashyolarni noqonuniy ravishda olib yurgan 147 nafar shaxs aniqlandi.
Ulardan umumiy hisobda 149 dona o‘tkir tig‘li ashyo (sovuq qurol) aniqlanib, belgilangan tartibda rasmiylashtirilib olindi.

Aniqlangan ashyolardan 137 tasi pichoq, 4 tasi kastet 2 tasi bita bo‘lsa, qolgan 6 tasi boshqa ko‘rinishdagi tig‘li jismlarni tashkil qilgan.
Ushbu tadbir natijasida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan qator huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldi olindi.
Maʼlumot uchun, qonunga xilof ravishda sovuq qurol yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish BHMning bir baravaridan besh baravarigacha bo‘lgan miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘lishi mumkin.
2024-yilda sodir etilgan jinoyatlar statistikasi
O‘zbekistonda 2024-yilda 132 298 ta jinoyat sodir etilgan. Sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 92,4 foizi fosh etilgan. Qidiruvdagi shaxslarning 8 736 nafari ushlangan va bedarak yo‘qolganlarning 567 nafari topilgan.
Bundan tashqari, 3 880 nafar shaxslar tomonidan sodir etilgan 3 293 ta korrupsiya va iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar aniqlanib, ular oqibatida yetkazilgan 239 mlrd 584 mln so‘m miqdoridagi zarar undirilishi hamda odam savdosi jinoyatini sodir etgan 219 nafar shaxsga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishi ta’minlangan.
Jami jinoyatlar soni mamlakat bo‘yicha har 100 ming aholiga 199 tadan to‘g‘ri kelgan. Oldi olinishi lozim bo‘lgan jinoyatlar soni hanuzgacha jinoyatlarning salmoqli qismini tashkil etmoqda.
Aytilishicha, oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatchilikning asosiy ulushini o‘g‘rilik va firibgarlik jinoyatlari tashkil etib, ularning 59,4 foizi yoshlar va 36,1 foizi ilgari sudlanganlar tomonidan sodir etilgan. Bundan tashqari, jinoyatlarning 7 mingdan ortig‘i ishsizlar tomonidan sodir etilgani, joylarda aholini ish bilan ta’minlash masalalari ham samarali hal etilmayotganini aytib o‘tildi. Kiberxavfsizlik yo‘nalishida 58,8 mingta jinoyat sodir etilgani va ularning 97,7 foizi fuqarolarning bank plastik kartalaridagi pullarni qo‘lga kiritish bilan bog‘liqligi tanqid ostiga oldi.
Izoh (0)