Iroqda kuchli qum bo‘roni sababli salkam ikki ming kishi nafas qisilishidan aziyat chekdi. Bu haqda Aawsat xabar berdi.

Bo‘ron mamlakatning ko‘plab hududlarida ko‘rish masofasini nolga tenglashtirgan. Najaf va Basra aeroportlarida havo harakatini izdan chiqargan. Najafda ko‘rinuvchanlik yomonlashgani sababli beshta avtohalokat sodir bo‘lgan.
Politsiya xodimlari va piyodalar quyuq changdan himoyalanish uchun niqob taqishga majbur bo‘lmoqda. Biroq bu odamlarni bo‘g‘ilishdan to‘liq himoya qila olmayapti. Jumladan, 1800 dan ortiq kishi nafas qisilishidan aziyat chekmoqda.
Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bo‘g‘ilish alomatlari bilan kasalxonalarga 700 dan ortiq kishi murojaat qilgan. Qum bo‘roni Saudiya Arabistoni sharqi va Iroq janubi-g‘arbidan kelayotgani ta’kidlangan.
Ekspertlar fikricha, Iroqda chang bo‘ronlari soni ko‘payishi mumkin. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iroqni dunyoda iqlim o‘zgarishidan eng ko‘p zarar ko‘rgan beshta mamlakatdan biri sifatida e’tirof etgan.
Havoda uchib yuruvchi chang va qum zarralari astma, bronxit va boshqa nafas yo‘llari kasalliklarini kuchaytiradi. Bundan tashqari qum zarralari ko‘zga kirib, qichishish, yallig‘lanish yoki hatto ko‘rish qobiliyatining pasayishiga olib kelishi mumkin.
2022-yilda Iroqda kuchli qum bo‘roni oqibatida bir kishi vafot etgandi, 5 mingdan ortiq kishi nafas yo‘llari kasalliklari bilan kasalxonaga yotqizilgan. Ekologiya vazirligi yaqin o‘n yilliklarda mamlakatda “chang kunlari” ko‘payishi kutilayotganidan ogohlantirgan.
Izoh (0)