14-fevral sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan yozuvchi Salmon Rushdini o‘ldirishga “fatvo chiqargan” Oyatulloh Homanaiy, AQSHning Afg‘onistondagi elchisini o‘ldirilishi hamda Moskvada tom qismi qulab tushgan ko‘ngilochar maskanga oid faktlar o‘rin olgan.
Yozuvchini o‘ldirishga “fatvo chiqargan” Oyatulloh Homanaiy
1989-yil 14-fevral kuni Eron islom inqilobi yetakchisi Oyatulloh Homanaiy kelib chiqishi hind bo‘lgan britaniyalik yozuvchi Salmon Rushdini jismonan yo‘q qilishga fatvo chiqaradi. Uning “Shayton oyatlari” kitobini fundamentalistlar musulmon dini uchun haqoratli deb topgan. O‘lim hukmi u qadar taniqli bo‘lmagan yozuvchini butun dunyoga tanitib yuborgandi. Rushdi mojaro ortidan millionlab pul ishlab olgan, kitobi esa umumiy hisobda 600 mingdan ortiq nusxada 26 tilda chop etilgan va ko‘plab mukofotlarni qo‘lga kiritgan.
Yozuvchini o‘ldirish to‘g‘risidagi buyruq hozirga qadar bekor qilinmagan. Potensial jallod uchun mukofot puli o‘tgan yillar davomida bir necha barobarga oshgan. Mojaroli roman birinchi marta savdo peshtaxtalarida 1988-yil sentabr oxirlarida paydo bo‘lgan va Rushdi karyerasidagi to‘rtinchi kitobga aylangan edi. Kitobdagi bir nechta epizodlar Oyatullohning g‘azabini keltirgan bo‘lib, Eron oliy rahnamosi unga e’tibor qaratmagandi asar bestseller maqomiga ega bo‘lmas edi.
Afsonaviy fatvoga qadar kitob mazmuni butun dunyo bo‘ylab ko‘plab musulmonlar e’tiroziga sabab bo‘lgan. Oktabr oyida roman Hindistonda, noyabr va dekabrda esa Pokiston, Saudiya Arabistoni, Misr, Somali, Bangladesh, Sudan, Malayziya, Indoneziya, Qatar va JARda taqiqlangan. Islom tashkilotlari “Shayton oyatlari”ni taqiqlash bo‘yicha sud jarayonlarini tashkillashtiradi. G‘arbiy Yevropada esa aksincha, Rushdi ijodiga qiziqish paydo bo‘lgan. Ajiotaj to‘lqinida kitobni o‘nlab nashriyotlar chop etgan.
Roman atrofidagi jazava fevral oyida o‘zining yuqori cho‘qqisiga chiqadi. 12—13-fevral kunlari Pokiston va Hindistonda ko‘p ming kishilik norozilik namoyishlari o‘tkazilgan. Aksiyadagi to‘qnashuvlar natijasida ko‘plab insonlar halok bo‘lgan va yaralangandi. Qator shaharlarda kitoblarni yoqish marosimlari o‘tkazilgan.
14-fevral kuni Oyatulloh Homanaiy ommaviy ravishda Rushdini lan’atlagan va musulmonlarga “Shayton oyatlari”ning chop etilishiga aloqador barchani qatl etishni buyurgan. Fatvoga ko‘ra, yozuvchi murtadlikda ayblanib, Muhammad sallallohu alayhi vasallam va Qur’onni haqorat qilgan. Musulmon bo‘lib tug‘ilgan va islomni rad etuvchilar xoin hisoblanadi hamda ularning jazosi o‘lim — diniy rahnamoning buyrug‘i shunday edi.
Mazkur voqea Eron va Buyuk Britaniya o‘rtasida Islom inqilobidan keyin endigina o‘rnatilgan diplomatik munosabatlarning buzilishiga olib kelgan. Tehron ushbu mamlakatni AQSH kabi asosiy dushmani sifatida ko‘rishni boshlagan. Inqilob davridayoq Homanaiy “Angliya SSSRdan ham yomonroq” degandi.
Homanaiyning buyrug‘i bilan bir vaqtda Erondagi fondlardan biri Rushdining boshi uchun 2 million dollar mukofot va’da qiladi. Pullar faqat musulmonlar uchun emas, balki Rushdini o‘ldirgan istalgan dinga e’tiqod qiluvchi insonga beriladi. Mazkur fatvo nafaqat G‘arb, Eronning geografik qo‘shnilari tomonidan ham qoralangan.
16-fevraldan boshlab Britaniya maxsus xizmatlari Rushdini kuchaytirilgan himoya ostiga olgan. Yozuvchi o‘z bayonotida musulmonlarning “Shayton oyatlari”ga reaksiyasidan afsusda ekanini bildirib, ularning hissiyotlari bilan o‘ynashish niyatida bo‘lmaganini tan olgan. Ammo Rushdining kechirim so‘rash borasidagi urinishiga Homanaiy keskin shaklda javob qaytargan: “Har bir musulmon uchun o‘zida bor narsani, xoh joni va xoh boyligi bo‘lsin Rushdini do‘zaxga jo‘natish majburiyati hisoblanadi”.
Mojaro uzoq vaqt tinchimagan. Eron biznesmenlari Rushdining boshi uchun mukofotni 3 million dollar etib belgilagan. Amerikalik musulmonlar bosimi ostida ayrim kitob do‘konlari uni peshtaxtalardan olib tashlagan.
Bir necha yil davomida yozuvchi yashirinib yurishga va yashash joyini muntazam o‘zgartirishga majbur bo‘ladi. Bu davr mobaynida u ommaga ko‘rinish bermagan. 1989-yil 3-iyunda Homanaiy vafot etganidan keyin ham vaziyat u qadar katta o‘zgarmagan. Rushdi Oyatullohning o‘limi bo‘yicha esse chop etgan va ommaviy kechirim so‘ragan, ammo islom davlati yetakchisining davomchisi fatvoni bekor qilmagan.
2007-yilda qirolicha Yelizaveta II Rushdini ritsarlik unvoniga loyiq ko‘radi va butun sayyorada yana musulmonlar norozilini keltirib chiqargan edi. 2012-yilda Rushdining o‘ldirilishi uchun gonorar 3,3 million dollarga, 2016-yilda esa yana 600 ming dollarga oshgan. O‘sha yili yozuvchi AQSH fuqaroligini olgan.
Afg‘onistonda o‘ldirilgan Amerika elchisi
1979-yil 14-fevral kuni Kobulda Amerika elchisi Adolf Dabs asirga olinib, o‘ldirilgan edi. Diplomatning o‘limi AQSH va SSSR o‘rtasida navbatdagi mojaroni yuzaga keltirib, afg‘on urushining boshlanishida katalizatorlardan biri vazifasini o‘tagan edi.
1970-yillar oxirida AQSH islom respublikasini tan olmaslik borasidagi rasmiy kursini Vashingtonning mamlakatdagi iqtisodiy loyihalarni moliyalashtirishdagi ishtirokiga almashtirgan. Uzoq yillar davomida Qo‘shma Shtatlar Kobulning diplomatik aloqalarni o‘rnatish taklifini rad etib kelgan — 1935-yil mayida Vashington rasman Afg‘onistonni suveren davlat sifatida tan olgan.
Ammo ikki tomonlama qalin aloqalar Ikkinchi jahon urushi davriga kelib, amerikaliklar qurol-yaroq va texnikalarni yetkazib berishda afg‘on hududini asosiy marshrutlardan biri sifatida ko‘rishni boshlaganidan keyin paydo bo‘lgan. “Sovuq urush” boshlangach, AQSH Markaziy Osiyoga e’tiborini kuchaytirgan, ammo tez orada Afg‘oniston o‘ziga ittifoqchi bo‘lmasligini tushunib yetadi.
Avvaliga Vashington Kobulga muntazam bosim o‘tkazadi. Afg‘oniston hukumatiga ikki tomonlama xavfsizlik bitimini tuzish yoki Buyuk Britaniya va AQSh shafeligida Yaqin va O‘rta Sharq davlatlarining harbiy-siyosiy bloki – Markaziy Shartnoma Tashkilotiga (CENTO) qo‘shilish qat’iy tavsiya qilinadi.
Ammo Afg‘onistonning SSSR bilan iqtisodiy va taʼlim sohasidagi aloqalari 1950-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab faol rivojlanishi fonida Qo‘shma Shtatlar Kobul bilan munosabatlarini “yumshatgan”. Amerikaliklar irrigatsiya inshootlarini qurishda, fuqaro aviatsiyasini rivojlantirishda, yangi yo‘llar qurishda yordam ko‘rsatgan. Eng iqtidorli talabalarga AQSH universitetlarida o‘qish uchun stipendiyalar berilgan, bu esa afg‘on elitasida amerikaparast kayfiyatning shakllanishiga xizmat qilgan.
Biroq SSSR tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam ko‘pligi bois afg‘onlar sovet davlati tomonga og‘ib ketadi. Oq uy vaziyatni nazorat qila olmasdi. Prezident va diplomatlar Kobul bilan hamkorlikni davom ettirish yoki ettirmaslik masalasida bosh qotirishga tushgan.
Shunday bir sharoitda AQSHning Afg‘onistondagi elchisi o‘zgaradi — 1978-yil iyulda nasl-nasabi nemislarga borib taqaluvchi Adolf Dabs lavozimga tayinlangan. Nemis va rus tili bilimdoni bo‘lgan elchi karyera zinasidan tez ko‘tarilgan, Germaniya, Kanada va Yugoslaviyada xizmat qilgan edi. 1972—1973-yillarda SSSRda AQSHning muvaqqat ishlari vakili lavozimida faoliyat yuritgan. Keyinroq davlat kotibining Yaqin va O‘rta Sharq masalalari bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Aynan Dabs zimmasiga Kobulda maxsus missiyani — Oq uyning ta’sir doirasini kuchaytirish va Afg‘onistonga Moskvaning qaramligiga tushib qolmasligini ta’minlash vazifasi tushadi. 1979-yil 14-yanvarda qadar diplomat o‘z vazifasini muvaffaqiyatli bajarib, nafaqat mamlakat yetakchisi Nur Muhammad Tariqiy bilan, balki mamlakat rahbariyatining ikkinchi odami, tashqi ishlar aziri Hafizullo Amin bilan ham qalin aloqalar o‘rnatadi. Uchrashuvlar davomida Afg‘onistonga texnik-iqtisodiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha yangi bitimlar imzolanadi.
14-yanvar tongida muazzin bomdod namoziga azon aytgach, shaharliklar ishga yo‘l ola boshlaydi, ko‘plab do‘konlar ochiladi. Bu Adolf Dabs uchun ham odatdagi kunga aylanishi kerak edi. Soat 08:30 lar atrofida elchisi o‘z qarorgohidan chiqadi va xizmat mashinasiga o‘tiradi (aftomobilni Gol Muhammad ismli afg‘on haydovchi boshqargan).
Oradan 10 daqiqa o‘tagach, Amerika madaniyat markazi chorrahasi yaqinida politsiya formasini kiyib olgan erkak mashinani to‘xtatib, uni ko‘zdan kechirmoqchi ekanini bildirgan. Elchi bunga qarshilik ko‘rsatmaydi.
Haydovchi avtomobil echiklarini ochishi bilan “politsiyachi” va yana bir necha fuqaro mashinaga o‘tirib oladi, pistoletlari bilan tahdid qilgan holda haydovchiga “Kobul” mehmonxonasi tomon haydashni buyuradi.
O‘g‘rilar haydovchini qo‘yib yuborib, o‘zlari mehmonxonaning 117-xonasiga ko‘tarilgan. Tez orada u yerga politsiyachilar, AQSH vakolatxonasi xodimlari, SSSRning Afg‘onistonda ishlovchi maslahatchilar yetib kelgan. Jinoyatchilar o‘z talablarini ilgari surgan: qamoqdan “Milliy zulm” guruhi yetakchisi Bahruddin Bayozni ozod etish.
Muzokaralar davom etgan keyingi to‘rt soat davomida mehmonxonada haqiqiy tartibsizlik boshlangan. Voqea ishtirokchilaridan har biri asirni ozod etish yo‘llarini qidirgan. Amerikaliklar bir necha bor otishmasiz chora ko‘rishga chaqirgan.
Mehmonxona binosining qarshisiga snayperlar bo‘linmasi yuborilgan, ammo quyosh unga nishonlarni kuzatishga to‘sqinlik qilgan. Shuningdek, ular ikkinchi qavatga zina qo‘yishga ham uringan, biroq bundan ham hech ish chiqmagan. Qanchadir vaqt o‘tgandan keyin barcha shtrumga tayyorgarlik ko‘radi. Harbiylar guruhining bir a’zosi avtomat bilan qulfni buzadi, politsiyachilar esa nomerga bostirib kirib, o‘q yog‘dirishni boshlaydi.
Otishma oqibatida diplomat ham yaralanadi — Adolf Dabsning tirik qolish imkoniyati yo‘q edi. Amerika diplomatik missiyasi shifokorlar diplomatga o‘nta o‘q tekkanini qayd etgan, ularning uchtasi boshiga tekkandi. Dabs gospitalga olib ketilayotganida vafot etgan.
Moskvada tomi qulab tushgan ko‘ngilochar majmua
2004-yil 14-fevral kuni soat 19:15 da Moskva janubi-g‘arbidagi “Transvaal-park” sport-ko‘ngilochar majmuasining tom qismi qulab tushgandi. Fojia oqibatida 28 kishi, jumladan, sakkiz nafar bola halok bo‘lgan, 100 dan ortiq inson jarohat olgan va ularning aksariyati nogiron bo‘lib qolgandi.
“Transvaal-park” akvaparki 2002-yilda ochilgan. Majmuaning umumiy maydoni 20,2 kvadrat metrga teng bo‘lib, u yerga 2 mingga yaqin tashrif buyuruvchi sig‘gan. Majmuani turk firmasi 19 oy davomida qurgan va u yil arxitekturasi nomini olgan.
“Transvaal-park” ochilganidan keyin Moskvada oilaviy hordiq chiqariladigan eng mashhur joylardan biriga aylanishga ulgurgan. 14-fevral kuni u yerga 1,3 ming kishi tashrif buyurgandi. Ularning 400 dan ortig‘i basseyn va akvapark zonalarida bo‘lgan.
Tom qariyb 5 ming kvadrat metr joyda qulagan. Bino qubbasi majmuaning kattalar basseynidan boshqa butun suv qismiga tushib ketgan. Qulagan tom ostida o‘nlab bolalar basseynlari, sentrifuga va boshqa ko‘ngilochar attraksionlar bo‘lgan. Fitnes-markaz, amfiteatr, xizmat binosi, asosiy kirish yo‘lagi va dahlizga qisman shikast yetgan.
Bir necha soniya ichida faqat cho‘milish kiyimida bo‘lgan odamlar -20 darajali sovuqda shisha va beton bo‘laklari ostida qolib ketgan. Qutqaruvchilar 5-7 daqiqada yetib kelib, birinchi yordamni ko‘rsatishni boshlagan.
Qidiruv-qutqaruv ishlarini amalga oshirish uchun Rossiya FVVning 95 nafar qutqaruvchisi va 11 ta maxsus texnikasi jalb etilgan. Tuni bilan vayronalar ostidagi insonlarni chiqarib olish ishlari tugamagan. Qutqaruv ishlari olib borilayotgan bir vaqtda gumbazning yana bir qismi — balkoni qulab tushgan. Hech kimga shikast yetmagan.
15-fevral kechga borib qutqaruvchilar basseyn tubidagi beton plitalarni olib tashlashga kirishgan. 16-fevral tongida halokat joyidagi qutqaruv ishlari yakunlangan va faqat tom qoldiqlarini tozalash boshlangan.
Qulab tushgan tom oqibatlarini bartaraf etishda 1115 kishi va 198 ta texnika, shuningdek, 57 ta tibbiy yordam brigadasi qatnashgan. Yaralanganlar o‘nlab shifoxonalarga joylashtirilgan.
Tomning qulab tushish holati bo‘yicha Moskva prokuraturasi jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Tergov 20 oydan ortiq davom etgan bo‘lib, bu davrda o‘nlab turli obyektlar ko‘zdan kechirilgan, 300 dan ziyod inson so‘roq qilingan, 240 ta sud ekspertizasi, xususan, tadqiqot hajmi va o‘ziga xosligi bo‘yicha yagona bo‘lgan murakkab qurilish va texnik ekspertiza o‘tkazilgan.
Avariyaning yuz berishiga sabab bo‘ladigan barcha ehtimoliy versiyalar, jumladan, noqulab ob-havo sharoitlari (meteorologik, geologik), loyihalashdagi, qurilish va foydalanishdagi xaatoliklar, sifatsiz qurilish materiallari ishlatilgan bo‘lishi mumkinligi ko‘rib chiqilgan. Sud portlash-texnik ekspertiza xulosasiga muvofiq portlovchi qurilmalar yoki bino konstruksiyasiga tashqi ta’sir o‘tkazilgani bo‘yicha biror belgi aniqlanmagan.
Tergov davomida to‘plangan ma’lumotlar asosida “Transvaal-park”ning qulashiga loyihalashda xatoliklar sabab bo‘lgani aniqlangan — hisob-kitoblardagi qo‘pool kamchiliklar inshootning xavfsizlik va ishonchlilik talablariga javob bermasligiga olib kelgan.
Tergov davomida loyihaning bosh konstruktori Nodar Kancheli, shuningdek, Moskva davlat tashqi ekspertiza idorasi boshlig‘i Anatoliy Voronin javobgarlikka tortilgan. 2006-yil 5-sentabr kuni Moskva prokuraturasi arxitektorning da’vosi bo‘yicha amnistiya qo‘llagan. Nodar Kancheli Rossiya Davlat dumasining 100 yilligi munosabati bilan afv etilgan. Bundan tashqari, poytaxt prokuraturasi Anatoliy Voroninga nisbatan jinoyat ishi to‘xtatgan.
2005-yil 14-fevral kuni fojia joyiga halok bo‘lganlarning familiyalari tushirilgan yodgorlik toshi o‘rnatilgan. 2010-yilda sobiq “Transvaal-park” hududida yangi ko‘p funksionalli sport-sog‘lomlashtirish majmuasini qurish boshlangan. 2013-yilda esa maydoni 2,5 ming kvadrat metrga teng “Moreon”ning ochilishi bo‘lib o‘tgan.
Izoh (0)