Buyuk Britaniya hukumati Yevropa Ittifoqidan pishloq va go‘sht mahsulotlarini olib kirishni vaqtincha taqiqladi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Cheklov uy hayvonlari orasida keng tarqaladigan oyoq va og‘iz kasalligi (FMD)ning oldini olish chorasi sifatida joriy qilindi. Sayohatchilarga epidemiya kuchayib borayotgani sababli qovurilgan go‘sht va pishloq, jumladan, sendvich kabi yeguliklarni Britaniyaga olib kelishga ruxsat berilmaydi. Cheklovlar tovarlar qadoqlangani yoki bojsiz sotib olinganidan qat’i nazar amal qiladi.
Avvalroq Germaniya, Vengriya, Slovakiya va Avstriyada qoramol kasalligi holatlari ko‘paygani sababli, hukumat shunga o‘xshash mahsulotlarga taqiq qo‘ygan edi. Cheklovlar Shimoliy Irlandiya, Jersi, Gernsi yoki Men oroliga emas, balki Buyuk Britaniyaga keladiganlarga taalluqli.
Taqiqlangan mahsulotlarni olib kirishga urinish tovar musodarasiga va uni yo‘q qilishga olib keladi. Jiddiy qonunbuzarlik holatlarida esa 5 ming funt sterlinggacha jarima qo‘llanishi mumkin.
Taqiqlangan mahsulotlar ro‘yxati quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- cho‘chqa go‘shti
- mol go‘shti
- qo‘y go‘shti
- echki go‘shti
- kiyik go‘shti
- yuqoridagi go‘sht turlaridan tayyorlangan mahsulotlar (kolbasa va boshqalar)
- sariyog‘, pishloq, yogurt kabi sut mahsulotlari
Har bir yo‘lovchi 2 kilogacha bolalar uchun mo‘ljallangan bo‘tqa yoki tibbiy sabablar bilan bog‘liq maxsus ovqatlarni olib kirishi mumkin.
Oyoq va og‘iz kasalligi (FMD) yuqori darajada yuqumli virus bo‘lib, hayvonlarning og‘zida va tuyoqlari ostida pufakchalar paydo qiladi. Bu holat oqsoqlikka va oziqlanishda muammolarga olib keladi. Hozircha Buyuk Britaniyada bu kasallik aniqlanmagan.
Mamlakatda oxirgi marta bunday kasallik 2001-yilda avj olgan. O‘shanda atigi 2 mingga yaqin holat qayd etilgan bo‘lsa-da, profilaktika chorasi sifatida 6 milliondan ortiq qo‘y, qoramol va cho‘chqa yo‘q qilingan. Sababi birgina kasallangan hayvon butun fermaga virusni yuqtirishi mumkin.
Izoh (0)