Ijtimoiy tarmoqlar orqali Yashnobod tumani Normuhammedov dahasi 12-uy lifti ichida odamlari bilan tushib ketgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, mazkur holat vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva tomonidan joyga chiqib o‘rganilgan. Liftning to‘xtash qavatiga kelganda sekinlashtirish funksiyasini amalga oshiruvchi datchik nosozligi tufayli o‘z vaqtida kerakli signal yetib bormagan. Shu bois liftning himoya funksiyasi ishlab, 2 va 3 qavatlar oralig‘ida harakatlanishdan to‘xtagan.
Ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatuvchi “Eco hudud” va liftlarning ekspluatatsiyasini shartnoma asosida amalga oshirib kelayotgan “Xavfsiz lift” tashkilotining 24/7 dispetcherlik xizmatiga kelib tushgan murojaat bartaraf etilgan. Voqea joyiga liftga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot vakillari yetib kelib, aholini 4-5 daqiqa ichida chiqarib olishga muvaffaq bo‘lgan.
Ozoda Jo‘rayeva Yashnobod tumani hokimi, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi vakillari va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan holatni muhokama qilgan. Bunda tizimni raqamlashtirish, kuzatuv mexanizmini yanada kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, mas’ullarga, lift kabinalarida aloqa kanallarini yaxshilash yuzasidan aniq topshiriqlar belgilanib, mazkur holatlarning oldini olish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligi ta’kidlandi.
Hozirda lift qurilmasi soz holatga keltirilgan
Toshkent shahar hokimining “Toshkent shahrida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy va energetika soha obyektlari hamda ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2025/2026-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorda Toshkentda 2025-yil oxirigacha 452 ta lift yangilanishi belgilandi.
Avvalroq ko‘p kvartirali uylarning liftlarini boshqarish va monitoring qilish bo‘yicha “Xavfsiz lift” yagona idoralararo platformasi ishlab chiqilayotgani haqida xabar berilgandi.
Bugunga qadar ko‘p qavatli uylardagi 8 942 ta lift texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, ular bo‘yicha pasport va muvofiqlik sertifikati joriy etiladi. Shu asosda kelgusi 5 yilda 2 001 ta lift yangilanadi va 382 tasi ta‘mirlanadi.
Izoh (0)