Toshkent shahrida ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi shirkat elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, “O‘zenergoinspeksiya” Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan nazorat tadbiri o‘tkazilgan. Tadbirda Yashnobod tumanida faoliyat yuritayotgan “I.S.T.” MCHJ elektr qurilmalarining elektr hisoblagichiga tashqi taʼsir ko‘rsatib, 9 qavatli uyning 4 ta lift va 40 dona yoritgichi orqali elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlangan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 61,8 million so‘mni tashkil etgan.
Mazkur holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Avvalroq Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida ikki nafar fuqaro 917,2 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani to‘g‘risida xabar berilgandi. O‘zbekistonda 2024-yilning birinchi yarmida 550 milliard so‘mdan ortiq elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlangan.
Izoh (0)