9-may kuni Toshkent shahrida Xotira va qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan “Yangi avlodga xotira maktubi” shiori ostida 5 kilometr masofaga yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tadi.
Yugurish musobaqasi poytaxtning “Birodarlik qabristoni” yodgorlik majmuasi va “Bunyodkor” stadioni hududlari oralig‘ida o‘tkaziladi. Unda 2000 nafar ishtirokchini qamrab olish rejalashtirilgan.
Bayram yugurish musobaqasi urush qahramonlariga, ularning jasorati, mardligi va fidoyiligiga hurmat ramzidir. Ishtirokchilar bosgan har bir qadam o‘z hayoti evaziga avlodlar kelajagini himoya qilganlarga bag‘ishlanadi.
Har bir ishtirokchiga marraga yetganlikni anglatuvchi esdalik medali beriladi.
Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng qonli urush bo‘lgan. Unda 70 milliondan ortiq inson halok bo‘lgan, shundan 27 millioni jang maydonlarida jon bergan. O‘zbekiston ushbu g‘alabaga salmoqli hissa qo‘shgan — 6,5 million aholiga ega respublikadan 1 million 951 mingdan ortiq inson frontga jo‘natilgan, ulardan 538 ming nafari halok bo‘lgan.
Urush yillari O‘zbekiston eng muhim front orti markaziga aylangan, bu yerda 280 ta yangi korxona qurildi, harbiy mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, 2000 dan ortiq samolyot, 19 mingta aviamotor, 18 mingta minomyot, 1 million dona granata, 22 million dona mina ishlab chiqarildi. Respublikamiz 1,5 millionga yaqin evakuatsiya qilinganlar, jumladan, 250 ming yetim bolalarni qabul qildi, ularga o‘z uyi va qalbi eshiklarini ochdi. O‘zbekistonliklarning jasorati Toshkentdagi G‘alaba bog‘idagi “Matonat madhiyasi” monumentida abadiylashtirilgan. Bu tadbirlar ozodlik va tinchlik uchun kurashgan barcha insonlar xotirasi hamon qalblarimizda saqlanayotganiga dalolatdir.
Yugurish musobaqasi urush qahramonlariga, ularning jasorati, mardligi va fidoyiligiga hurmat ramzi sifatida tashkil etilib, ishtirokchilarning har bir qadami o‘z hayoti evaziga avlodlar kelajagini himoya qilganlarga bag‘ishlanadi. Har bir ishtirokchi go‘yo frontdan maktub olib kelayotgan “Xotira elchisi”ga aylanadi.
Maxsus tarzda qayta ko‘rib chiqilgan harbiy qayd varaqalari asosida aniqlanishicha, O‘zbekistondan frontga 1 million 951 ming nafar fuqarolar safarbar etilgan. Bugungi kunda O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan faxriy 82 nafarni tashkil qiladi. Ularning eng ulug‘i 114 yoshni qarshilagan.
Ma’lumot uchun musobaqadan tashqari Mudofaa vazirligi Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida 9-may kuni soat 21:00 da Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayram salyuti va mushakbozligini tashkil qiladi.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 10 ming dollar pul mukofoti beriladi
Prezidentning “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra:
- Urush qatnashchilari va nogironlarining har biriga 10 ming dollar;
- Urush qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslarning har biriga 25 mln so‘m;
- Urush davridagi mehnat fronti qatnashchilarining har biriga 3 mln so‘m miqdorida.
Ushbu pul mukofoti tantanali hamda bayramona tarzda topshiriladi.
Izoh (0)