So‘nggi yillarda O‘zbekistonda urush davridagi xalqimizning qahramonligi va bag‘rikengligini abadiylashtirish borasida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktabrdagi “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligini munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarori buning yaqqol dalilidir. Qarorga ko‘ra, “O‘zbekkino” MA zimmasiga fashizmga qarshi kurashda qahramonlik ko‘rsatgan yurtdoshlarimiz haqida badiiy va hujjatli filmlar yaratish bo‘yicha vazifalar yuklangan.
9-may arafasida hukumatning qo‘llab-quvvatlashi bilan “O‘zbekkino” MA va ijodiy jamoalar “Ilhaq” badiiy-tarixiy filmi (rejissor – Jahongir Ahmedov), “Xalq jasorati” hujjatli kinoxronikasi (rejissor – Ali Hamroyev) va “101” badiiy filmi (rejissor – Hamidulla Hasanov) bo‘yicha ishlarni nihoyasiga yetkazdi.
Ta’kidlash joizki, filmlar ustidagi asosiy ish jarayonlari 2020-yilga to‘g‘ri keldi. “Ilhaq” filmining barcha asosiy jang sahnalari 2020-yil fevral oyida Belarusda suratga olindi. O‘zbekistondagi qator muhim epizodlar suratga olingach, film ijodiy guruhi uni yakuniga yetkazish uchun parallel ravishda bir necha studiyalarda tinmay ishladi. “101” filmini suratga olish va postprodakshn ishlari shu yilning fevralidan may oyiga qadar o‘tdi, “Xalq jasorati” kinosolnomasi bo‘yicha arxivlarda tashkillashtirilgan asosiy tadqiqot ishlari esa 2020-yilning aprel oyida montaj ishlari bilan nihoyalandi.
Shuningdek, yuqorida tilga olingan kinomahsulotlarning barcha ishlab chiqarish jarayonlari koronavirus pandemiyasi davrida tegishli sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilgan holda tashkillashtirilganini ham qayd etib o‘tish lozim.
Filmlar taqdimoti 9-may kuni O‘zbekistonning davlat va nodavlat telekanallarida bo‘lib o‘tadi va O‘zbekistonda nishonlanadigan Xotira va qadrlash kuni uchun munosib sovg‘a bo‘ladi.
“Ilhaq” badiiy filmi
Mavsumning eng yorqin premyeralaridan biri “Ilhaq” kartinasidir. Badiiy film real hayotiy voqealarga asoslangan. Unda Toshkent viloyati Zangiota tumani Xonobod qishlog‘ida yashagan, Ikkinchi jahon urushi jang maydonlarida besh o‘g‘li – Isoqjon, Ahmadjon, Muhammadjon, Vahobjon va Yusufjon Xolmatovlardan judo bo‘lgan Zulfiya Zokirovaning fojiali hayoti haqida hikoya qilinadi. Kartina “O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga ko‘ra “EzguFilm” kinokompaniyasi tomonidan yaratilgan.
“ ‘Ilhaq’ kartinasi – ‘O‘zbekkino’ MAdagi keng ko‘lamli loyihalardan. Filmda tasvirlanayotgan voqealar nafaqat O‘zbekiston aholisi, balki boshqa mamlakatlar aholisi hayotiga ham yaqin. Minglab onalarning o‘g‘illari frontdan qaytmadi va bu dard hamma uchun birdek og‘ir edi. Bugungi kunda o‘sha urushning dahshatli va suronli yillaridan ancha uzoq bo‘lganlarga biz ajdodlar kelajagi uchun qurbon qilingan umr evaziga yashayotganimizni eslatish juda muhim. Dastlab filmda faqat O‘zbekiston hududida sodir bo‘lgan voqealar haqida suratga olish rejalashtirilgan edi, biroq keyinchalik film Zulfiya Zokirovaning o‘g‘illari jang maydonlarida qahramonona kurashib halok bo‘lganlarini aks ettirgan jangovar sahnalar bilan to‘ldirildi. Harbiy sahnalarning Belarusda ‘Belarusfilm’ bilan hamkorlikda suratga olinishining tashkillashtirilgani filmni ko‘p jihatdan boyitdi”, – deydi film rejissori Jahongir Ahmedov.
Filmni suratga olish ishlari shu yilning mart oyida nihoyasiga yetdi. Kartinada butun suratga olish jarayoni davomida jami 2000 dan ortiq kishi qatnashdi.
“Biz ‘Ilhaq” kinokartinasini belaruslik tomoshabinlar ham ko‘rishini istaymiz. Belarus kinematograflari mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning yana mustahkamlanib borayotganidan mamnun. Biz ‘O‘zbekkino’ MA va ‘Belarusfilm’ kinostudiyasi hamkorligida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga umid qilamiz”, – deb ta’kidladi “Belarusfilm” milliy kinostudiyasi bosh direktori Vladimir Karachevskiy.
To‘rt qismli “Xalq jasorati” kinoxronikasi
Harbiy mavzudagi kinopremyeralar orasida taniqli rejissor Ali Hamroyevning to‘rt qismli “Xalq jasorati” kinoxronikasi ham bor. Yangi loyiha oldiga ulug‘vor vazifalar qo‘yildi: kinoxronika kadrlariga asoslangan holda to‘rt qismli filmda o‘zbekistonliklarning frontda va front ortida ko‘rsatgan jasorati va qat’iyati haqida, o‘zbek xalqining bag‘rikengligi va nihoyatda mehnatkashligini ko‘rsatish maqsad qilindi.
Bu eksklyuziv kartina, u tufayli Ikkinchi jahon urushi tugagandan beri ilk marotaba O‘zbekistonda faqat hujjatli kinoxronikaga asoslangan kinosolnoma yaratilmoqda. Ijodiy guruh nafaqat O‘zbekistondagi, balki Rossiyadagi arxiv ma’lumotlari bilan ham ishlab, kartina uchun eng yorqin va ta’sirli kadrlarni saralab oldi.
“Xalq jasorati” hujjatli filmining asosiy vazifasi – bugungi avlodni ona Vatan himoyasida qahramonlik va jasorat ko‘rsatgan ota-bobolarining davriga nazar tashlash uchun imkon yaratish. Bu, ayniqsa bugun – o‘zbekistonliklar virusli pandemiya xavfiga qarshi kurashayotgan qiyin kunlarda muhim ahamiyatga ega. Yangi O‘zbekistonda o‘zbekistonliklarning mardligi va matonati xotirasini abadiylashtirish, yana bir bor xalqimizga bosh egib, minnatdorlik bildirish imkonini yaratuvchi bunday muhim loyiha amalga oshirilayotganidan benihoya xursandman. Men, ushbu film ustida chin dildan va hayajon bilan ishladim”, – deydi film rejissori va ssenariy muallifi Ali Hamroyev.
“101” badiiy filmi
Rejissor Hamidulla Hasanovning Ikkinchi jahon urushi yillarida o‘zbekistonlik bir yuz bir askarning mardona va fojiali taqdiri haqidagi hujjatli ma’lumotlarga asoslangan “101” filmi respublika kinematografiyasi uchun yana bir ahamiyatli qadam bo‘ldi. Bir yuz bir nafar o‘zbek askari Amersfort shahridagi konslagerga nemis fashistlari gollandlarga o‘zlarining kimlar bilan kurashayotganlari va vermaxt gazetalari maqolalarida, barcha yevropaliklarni cho‘chitib kelayotgan Qizil armiya askarlari aslida kim ekanligini ko‘rsatish maqsadida olib kelganligi ko‘p yillar davomida aytilgan! Bu voqea haqidagi yangi tafsilotlar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Anvar Irgashev va Yuliya Medvedovskayaning shu nomdagi – “101” romanida chop etilgan noyob tadqiqotlari natijasida olingan. “Bir yuz bir o‘zbek qahramonining Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan bebaho hissasi, ommaviy qahramonligi butun dunyodagi insonlar xotirasida abadiy saqlanib qoladi!” – deydi ssenariy muallifi Yuliya Medvedovskaya.
“101” badiiy filmi “O‘zbekkino” MA kompaniyasi tomonidan muvofiqlashtirilgan holda “Uzbekistan Film”, “Omad Film Production”, “DF Service” kompaniyalari hamkorligida tayyorlangan.
Shuningdek, “O‘zbekkino” MA yangi taqdim etiluvchi filmlardan tashqari davlat va nodavlat telekanallarda vatanimiz kinofondi faxri bo‘lgan “Sen yetim emassan”, “General Sobir Rahimov”, “Farhodning jasorati” va harbiy mavzudagi boshqa filmlar namoyishini ham tayyorladi.
Reklama huquqi asosida.
Izoh (0)