G‘azo sektoridagi 95 foizdan ortiq qishloq xo‘jaligi yerlari yaroqsiz holga keldi. Bu haqda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi agentligi (FAO) hamda sun’iy yo‘ldosh markazi (UNOSAT) ma’lum qildi.

FAO vaziyatni “tashvishli” deb baholagan, va bu “ocharchilik xavfini kuchaytirishi” haqida ogohlantirgan. G‘azodagi umumiy ekin maydonlarining 80 foizdan ortig‘i zarar ko‘rgan. Bu yerlarning 77,8 foizi fermerlar uchun foydalanib bo‘lmaydigan holatga kelgan. Atigi 688 gektar yoki ekin maydonlarining 4,6 foizi ekish uchun yaroqli.
Vayronagarchilik G‘azodagi issiqxonalar va suv manbalariga ham ta’sir qilgan, issiqxonalarning 71,2 foizi va qishloq xo‘jaligi quduqlarining 82,8 foizi zarar ko‘rgan.
Bu darajadagi vayronagarchilik shunchaki infratuzilmaning yo‘qolishi emas, balki G‘azoning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimi, ya’ni hayot manbalarining butunlay izdan chiqishidir.
Bir paytlar yuz minglab odamlarni oziq-ovqat, daromad va barqarorlik bilan ta’minlagan narsa bugun vayronaga aylangan. Ekin maydonlari, issiqxonalar va quduqlar yo‘q qilingach, mahalliy oziq-ovqat ishlab chiqarishi butunlay to‘xtab qoldi. Qayta tiklash katta sarmoya va uzoq muddatli sa’y-harakatlarni talab qiladi, dedi FAO bosh direktori o‘rinbosari Bet Bekdol.
O‘tgan hafta Isroil G‘azoga “minimal” miqdorda gumanitar yordam yetkazib berishga ruxsat berishini e’lon qildi. Biroq gumanitar tashkilotlar yetkazib berilayotgan oziq-ovqat G‘azoning och qolgan aholisiga yetib bormayotganidan ogohlantirmoqda. Shu bilan birga, Isroilning havo hujumlari G‘azoda har kuni o‘nlab falastinliklar umriga zomin bo‘lmoqda.
26-may kuni Isroil harbiy kuchlari G‘azo shahridagi boshpana sifatida foydalanilgan maktabni bombardimon qildi. Oqibatda yong‘in chiqib, kamida 36 falastinlik, shu jumladan bir necha bola halok bo‘ldi.
Izoh (0)