Falastinning HAMAS guruhi rahbari Muhammad Sinvarning jasadi G‘azo sektori janubidagi Xon Yunus tunnelidan topildi. Bu haqda manbalarga tayanib, Al Arabiya va Al-Hadath telekanallari xabar berdi.

Sinvar bilan birga uning 10 nafar yordamchisining jasadi aniqlangani aytilmoqda. Isroil hujumida “Rafah” brigadasi komandiri Muhammad Shabana ham halok bo‘lgani ma’lum qilingan. HAMAS bu xabarlarga rasman munosabat bildirmagan.
Isroil mudofaa vaziri Israel Kats esa Muhammad Sinvar bir necha kun oldin aviazarba oqibatida o‘ldirilganini aytgan. Biroq bu ma’lumotning rasmiy tasdig‘i yo‘qligini ta’kidlagan. Falastin manbalariga ko‘ra, 18-mayga o‘tar kechasi G‘azoning markaziy qismida Isroilning havo hujumi oqibatida Muhammadning ukasi Zakariyo Sinvar o‘ldirilgan.
Marhumlar HAMASning marhum yetakchisi Yahyo Sinvarning ukalari bo‘lgan. Yahyo Sinvar 2017-yildan buyon G‘azo sektorida HAMASni boshqargan. U guruhning Isroil G‘azoga bostirib kirishiga mudofaaviy javobini boshqargan va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda qatnashgan. Sinvar 2024-yilning iyul oyida HAMAS siyosiy yetakchisi Ismoil Haniya va G‘azoda yuqori darajali qo‘mondon Muhammad Deif o‘ldirilganidan so‘ng HAMASga rahbarlik qilgandi. U 2024-yil 16-oktyabr kuni Isroil operatsiyasi oqibatida vafot etgan.
Izoh (0)