Kolumbiya sobiq tashqi ishlar vaziri Alvaro Leyva mamlakatning amaldagi prezidenti Gustavo Petroni narkomaniyada aybladi. U X ijtimoiy tarmog‘ida prezidentga ochiq xat yo‘lladi.

Leyvaning aytishicha, prezidentning qaramligi 2023-yil iyun oyida Fransiyaga tashrifi chog‘ida ikki kun “g‘oyib bo‘lgani”da ayon bo‘lgan.
Sizning yo‘qolib qolishingiz, kechikishlaringiz, rasmiy tadbirlarga kelmasligingiz, maqsadsiz safarlaringiz, mantiqsiz gaplaringiz va shubhali odamlar bilan aloqalaringiz allaqachon ko‘zga tashlangan va bu kuzatuvlar davom etadi. Siz tez-tez yolg‘izlik, xavotir, depressiya va boshqa yengib o‘tish qiyin bo‘lgan holatlarga tushib qolgansiz, deb yozdi u X sahifasida.
Biroq sobiq vazir Petro aynan qaysi “narkotik vositaga qaram” bo‘lganini ochiqlamadi. Leyva prezidentni undan “foydalanayotgan, og‘ir ahvolidan naf ko‘rayotgan va o‘ta katta zarar yetkazgan hamda yetkazishda davom etayotganlardan” uzoqlashishga chaqirdi.
Bunday odamlar qatorida sobiq vazir amaldagi tashqi ishlar vaziri Laura Sarabiya, ichki ishlar vaziri Armando Benedetti va prezident saylovoldi kampaniyasining sobiq rahbari, hozirda davlat nazoratidagi Ecopetrol neft kompaniyasini boshqarayotgan Rikardo Roani tilga oldi.
Kolumbiya prezidenti bu ayblovlarni tuhmat deb atadi va Fransiyaga rasmiy tashrif bilan kelganini, safar davomida uni doimiy ravishda fransuz maxsus xizmati qo‘riqlagan bo‘lsa-da, oilasi bilan ham uchrashganini aytdi.
Parijda ikki kunni o‘tkazish uchun ushbu xat muallifidan (Leyvani nazarda tutmoqda) ko‘ra qiziqroq bog‘lar, muzeylar va kutubxonalar yo‘qmi? Parijda deyarli hamma narsa qiziqroq. Parijda mening (sobiq vazirdan tashqari) qizlarim va nabiralarim yo‘qmi? deb yozdi Petro.
Sobiq vazir 82 yoshda. U deyarli ikki yil davomida Petro hukumatida Tashqi ishlar vazirligini boshqargan va ko‘pincha unga xorijiy safarlarda hamrohlik qilgan.
Financial Times gazetasi yozishicha, prezidentning beqarorligi uzoq vaqtdan beri Kolumbiyaning diplomatik va siyosiy doiralarida munozara mavzusiga aylangan. Nashr ta’kidlashicha, Kolumbiya rahbari ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa tong pallasida, uzun va mantiqsiz postlar yozishi bilan tanilgan.
Izoh (0)