Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro 20 milliard dollarga baholangan xazinani o‘z ichiga olgan kemani “imkon qadar tezroq” dengiz tubidan chiqarishni buyurdi. Bu haqda The New York Post xabar berdi.
“San-Xose” nomli Ispaniya galeoni 1708-yil iyun oyida ingliz kemasi bilan jang paytida cho‘kib ketgan. Hozirda kema Karib dengizining tubida joylashgan. Bortda oltin, kumush va zumrad bilan to‘ldirilgan sandiqlar bo‘lgan. Mutaxassislarning fikricha, xazinaning qiymati 4 milliard dollardan 20 milliard dollargacha baholanmoqda.
Petroning shoshilinch qarori siyosatchining prezidentlik muddati 2026-yilda tugashi bilan bog‘liq. Loyihani amalga oshirish uchun u davlat-xususiy sheriklikni yo‘lga qo‘yishni so‘ragan.
Xazinaga Amerikaning Sea Search Armada kompaniyasi ham da’vogarlik qilmoqda. Chunki u 1981-yilda kema qoldiqlarini birinchi bo‘lib aniqlagan. Sud orqali u Kolumbiya rasmiylaridan 10 milliard dollar — xazinaning taxminiy qiymatining yarmini talab qilmoqda.
Bortida 600 kishi bo‘lgan “San-Xose” kemasi 1708-yil 8-iyunda cho‘kib ketgan. O‘sha kuni kema ingliz eskadroni bilan jangda qatnashgan. Kemalar o‘rtasida bir yarim soat davom etgan jang oqibatida “San-Xose” bortida porox zaxiralaridan alanga chiqqan.
Asrlar davomida cho‘kib ketgan “San-Xose” Karib dengizi tubida qaytarib bo‘lmaydigan darajada yo‘qolgan deb hisoblangan. 2015-yilda Kolumbiyaning sobiq prezidenti Xuan Manuel Santos mamlakat harbiy-dengiz kuchlari Kolumbiya hududiy suvlari tubida taxminan 700 metr chuqurlikda cho‘kib ketgan kemani aniqlaganini aytgan.
Izoh (0)