Ba’zida grim ustalari chindan ham “ko‘zdan qochirishi”, suratga olish guruhi charchab qolishi, rejissyor esa biror-bir mayda detalni e’tibordan chetda qoldirib, bexosdan kinodagi hiylalarni fosh qilib qo‘yishi mumkin.
“Kichkina ayollar” (2019)
“Kichkina ayollar” filmining sahnalaridan birida Timoti Shalame personajining orqasida zamonaviy ko‘rinishdagi suv idishini payqash mumkin.
Ayrimlar tilga olingan suv idishi aslida gidroflyaga bo‘lishi mumkin deb taxmin qilishmoqda. Chunki film voqealari sodir bo‘lgan 1863-yilda bunday zamonaviy suv idishlari sotuvda bo‘lmagan.
“Uyda yolg‘iz” (1990)
“Uyda yolg‘iz” filmida Kevin zinapoyadan chanada sirg‘anib tushmoqchi bo‘lganida, dastlab kirish eshigi sal ochiq turganini ko‘ramiz. Keyingi kadrda esa u lang ochiq bo‘ladi. Ehtimol, ular sahnalarni turli vaqtlarda suratga olishgan va orada ozgina chalkashlik yuz bergan.
“Gladiator” (2000)
Filmning bir sahnasida osmonda Maksimus zamonida mavjud bo‘lishi mutlaqo mumkin bo‘lmagan transport vositasi aniq ko‘zga tashlanadi. Aytgancha, bu film o‘z vaqtida eng yaxshi vizual effektlar uchun “Oskar”ni qo‘lga kiritgandi.
Qizig‘i, xuddi shunday samolyotni sinchkov tomoshabinlar “Troya” filmida Axillesning (Bred Pitt) boshi tepasida ham payqashgan. Chamasi, nafaqat qadimgi rimliklar, balki ularning yunonistonlik hamkasblari ham uchish sirlaridan boxabar bo‘lgan.
Bundan tashqari, gladiatorlar jangida aravalarning birida yashiringan zamonaviy insonning poyabzali ham ko‘zga tashlangan. Aytgancha, boshqa bir aravada esa haqiqiy gaz balloni berkitib qo‘yilgan.
“Kleopatra” (1963)
Tarixiy filmda Kleopatra ko‘pincha zamonaviy poshnali tuflilarda namoyon bo‘ladi. Qizig‘i shundaki, ba’zida “haqiqiylikni” ta’kidlash uchun malika o‘sha davr uchun odatiy bo‘lgan sandal kiyadi, ammo keyingi kadrda yana hashamatli poyabzalga o‘tib qoladi.
Chamasi, o‘sha paytlarda liboslar asosan bosh qahramonlarning go‘zalligini bo‘rttirish uchun yaratilgan.
“Garri Potter va maxfiy hujra” (2002)
Garri va Ron 9 va 3/4 platformasidagi portalga yo‘l olishganida, Bukl laqabli boyqush qafasda sokin o‘tirardi. Garri yugurib kelib devorga urilganda, qafas ochilib, boyqush nusxasi ko‘rinib qoladi. Sehr o‘z yo‘liga, suratga olish paytida bironta ham jonivorga zarar yetmasligi kerak.
“Matritsa” (1999)
Neo (Kianu Rivz) agentlardan qochishga urinib, telefonini tushirib yuborgan sahnada pastda to‘planib turgan odamlar aniq ko‘rinadi. Bir necha kadrdan so‘ng, olomon g‘oyib bo‘ladi va ko‘cha deyarli bo‘shab qoladi.
“Garri Potter va Alanga kubogi” (2005)
Kitobda Germionaning Rojdestvo bali uchun kiygan libosi moviy rangda tasvirlangan. Biroq kostyumerlar Emma Uotsonga pushti rang ko‘proq yarashishini bilib, aynan shu rangni tanlaydi. Garchi muxlislar uzoq vaqt davomida syujet tafsilotlaridagi bunday nomuvofiqlikdan norozilik bildirgan bo‘lsalar-da. Aslida, moviy rangdagi libosda ham yosh Germiona juda go‘zal ko‘rinardi.
“Guchchi uyi” (2021)
“Guchchi uyi” filmida Patritsiya Rejani (Ledi Gaga) Mauritsio Guchchining (Adam Drayver) motosikli oynasiga telefon raqamini yozib qo‘yadi. Kadr o‘zgargandan keyin raqamlar nafaqat qayta yozilgan, balki o‘rinlari ham almashib ketgan.
Izoh (0)