Ozarbayjon Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Overchukni qabul qilishdan bosh tortdi. Bu haqda manbalarga tayanib, Minval xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Rossiya hukumati raisi o‘rinbosarining iyun oyi oxiriga rejalashtirilgan tashrifi bekor qilingan. Bu Yekaterinburgda 50 dan ortiq ozarbayjonlik qo‘lga olingani, ularga qarshi “sudsiz va tergovsiz sodir etilgan etnik asosdagi zo‘ravonlik” bilan bog‘liq ekani aytilmoqda.
Xuddi shu sababga ko‘ra Ozarbayjonda Rossiyaning barcha madaniy tadbirlarini o‘tkazish bekor qilingan. Bu konsertlar, festivallar, spektakllar, ko‘rgazmalar va boshqa tadbirlarga taalluqli.
O‘z navbatida, Ozarbayjon Milliy Majlisi o‘z delegatsiyasining Moskvaga tashrifini ham bekor qilgan. Milliy Majlis raisi birinchi o‘rinbosari Ali Ahmedov boshchiligidagi delegatsiya Rossiya bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning 23-yig‘ilishiga Moskvaga bormaydi.
27-iyun kuni Yekaterinburgda 50 dan ortiq ozarbayjonlik qo‘lga olindi. Mahalliy OAVning yozishicha, hibsga olishlar 2001-yilda ozarbayjonlik Yunus Pashayevning o‘ldirilishi bo‘yicha ochilmagan jinoiy ish, shuningdek, 2010—2011-yillarda sodir etilgan yana ikkita jinoyat bilan bog‘liq.
Ushbu ish bo‘yicha asosiy gumondorlar bo‘lgan aka-uka Guseyn va Ziyoddin Safarovlar hibsga olinayotgan paytda vafot etgan. E1.ru nashri manbasiga ko‘ra, ulardan birining yuragida muammolar kuzatilgan va vafot etgan. Ikkinchisida ham, “xuddi shunday vaziyat” kuzatilgani aytilmoqda.
Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi 27-iyun kuni Rossiya xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘tkazilgan reydlar munosabati bilan Rossiyaning mamlakatdagi elchixonasi muvaqqat ishlar vakili Pyotr Volokovichni chaqirtirgan.
Izoh (0)