Toshkent viloyati Qibray tumanida qariyb bir oy avval bedarak yo‘qolgan qiz o‘lik holda topildi. Bu haqda Bosh prokuratura “Daryo”ga xabar berdi.

Unda aytilishicha, 2025-yil 10-may kuni Qibray tumani, Botanika MFYda yashovchi 2001-yilda tug‘ilgan O.B. o‘z uyidan noma’lum tomonga chiqib ketib, bedarak yo‘qolgan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv harakatlari natijasida 2-iyun kuni Qibray tumani, “Sohibkor” MFY, Ifor ko‘chasidagi 11-sonli GESning axlat yig‘iladigan kovshidan uning murdasi tan jarohatlarsiz topildi.
Sud tibbiy ekspertizasining ma’lumotnomasiga ko‘ra ayolning o‘limi yuqori nafas yo‘llarini suyuqlik (suv) bilan berkilishidan kelib chiqqan mexanik asfiksiya sabab bo‘lgani qayd etilgan. Mazkur holat yuzasidan Qibray tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda va natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.
Bundan avval Toshkentning Bo‘rijar kanaliga tushib ketgan qizni qutqargan erkakning o‘zi halok bo‘lgani xabar qilingandi. Shuningdek, Farg‘onada uch nafar voyaga yetmagan bola sun’iy suv havzasiga cho‘kib ketgan edi.
Shu bilan birga, Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida 14 yoshli maktab o‘quvchisi kanalda cho‘kib ketgan edi.
Suvda cho‘kishning oldini olish: O‘zbekistonda qanday choralar ko‘rilmoqda?
Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan yoz mavsumida suvda cho‘kish holatlarining oldini olish maqsadida keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar olib borilmoqda. Tegishli mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida respublika bo‘ylab 2 004 ta cho‘milish taqiqlangan suv obyektlari aniqlanib, ular ro‘yxatga olindi va nazoratga olindi.
Shuningdek:
- 1 422 ta ko‘prik, magistral ichimlik suvi va gaz quvurlari hamda boshqa xavfli inshootlar aniqlanib, shundan 1 047 tasi bartaraf etildi;
- Suv havzalari bo‘yicha 6 543 ta profilaktik tadbir o‘tkazilib, 212 808 nafar yoshlarga yo‘riqnomalar berildi, 395 991 nafar fuqaro suhbat va tushuntirish ishlariga jalb qilindi;
- Ta’lim muassasalarida 997 205 nafar o‘quvchi va talabalarga maxsus ko‘rsatmalar berildi, 222 347 dona eslatma va bukletlar tarqatildi;
- Cho‘milish taqiqlangan hududlarda 7 112 marotaba reyd tadbirlari o‘tkazildi;
- Respublikada 9 056 ta “Cho‘milish qat’iy taqiqlanadi!” belgisi o‘rnatildi.
Bundan tashqari, 6 535 ta sun’iy suv havzalari (asosan tomchilab sug‘orish uchun mo‘ljallangan) o‘rganilib, ulardan 3 640 tasining atrofi ochiq (o‘ralmagan) ekani aniqlangan. Natijada 1 794 tasi o‘rab, 2 262 tasiga xavfsizlik choralari (arqon, chiqish moslamalari) o‘rnatildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqarolardan taqiqlangan joylarda cho‘milmaslik, bolalarning suv havzalari yaqinida nazoratsiz qolmasligini ta’minlashni qat’iy so‘ramoqda.
Izoh (0)