Hukumat qarori bilan O‘zbekistonda “Jismoniy tarbiya sport tashkilotlarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchi-uslubchilariga malaka toifalarini berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Prezidentning 2024-yil 24-maydagi farmonida sport-ta’lim muassasasining trener-o‘qituvchilari uchun ikkinchi, birinchi va oliy malaka toifalarini olish, sport-ta’lim muassasasining yo‘riqchi-uslubchilari uchun ikkinchi, birinchi va oliy malaka toifalarini olish, sport hakamlariga malaka toifalarini berish bo‘yicha xizmatlarni proaktiv shaklidagi davlat xizmatlariga o‘tkazish belgilangandi.
Hukumat qarorida belgilanishicha, 2026-yil 1-yanvardan boshlab jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchi-uslubchilari hamda sport hakamlariga malaka toifalarini berish bo‘yicha davlat xizmatlari “ERP sport” tizimi orqali Sport vazirligi tomonidan proaktiv shaklda ko‘rsatiladi.
“ERP sport” tizimida ma’lumotlar to‘liq shakllangandan so‘ng 1 ish kunida QR-kod qo‘yilgan holda elektron shaklda malaka toifasi to‘g‘risida guvohnoma rasmiylashtiriladi. Bu haqida avtomatik tarzda trener-o‘qituvchilar va yo‘riqchi-uslubchilarga “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali SMS-xabarnoma yuboriladi.
Davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun BHMning 1 baravari miqdorida (412 ming so‘m) to‘lov undiriladi. To‘lov summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
- 30 foizi — Sport vazirligi huzuridagi Raqamlashtirish va sertifikatlash markazi” MCHJning maxsus hisobvarag‘iga;
- qolgan mablag‘lar — vakolatli organning byudjetdan tashqari Sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining shaxsiy hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Bunda Sport vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sport boshqarmalari tomonidan berilgan eski namunadagi malaka toifasi guvohnomalari ularda ko‘rsatilgan muddat tugagunga qadar amal qiladi.
Idoraviy mansubligi va mulk shaklidan qat’iy nazar, barcha jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari tomonidan trener-o‘qituvchilar va yo‘riqchi-uslubchilar hamda sport hakamlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar “ERP sport” tizimiga kiritib boriladi.
Trener-o‘qituvchilar va yo‘riqchi-uslubchilarga berilgan malaka toifalari ularga tabaqalashtirilgan tarzda haq to‘lash uchun asos bo‘ladi. Malaka toifasi 4 yil muddatga beriladi va ushbu muddat o‘tganidan so‘ng trener-o‘qituvchilar hamda yo‘riqchi-uslubchilar yangi ko‘rsatkichlarini inobatga olgan holda malaka toifalarini belgilangan tartibda qayta tasdiqlanadi.
Izoh (0)