Isroil harbiy-siyosiy kabineti bosh vazir Binyamin Netanyaxuning G’azo sektorini butunlay nazoratga olish rejasini ma’qulladi. Bu haqda Isroil bosh vaziri devoni maslahatchisi Dmitriy Gendelman xabar berdi.

Harbiy-siyosiy kabinet tegishli masalani 10 soatdan ortiq davom etgan yig‘ilishda muhokama qilgan. Ular G‘azoni bosqichma-bosqich nazoratga olish va harbiy operatsiyani kengaytirish rejasini ma’qullagan. Kabinet ko‘pchilik ovoz bilan urushni tugatishning beshta shartini qabul qilgan:
- HAMASni qurolsizlantirish;
- Garovga olinganlarning barchasini, tiriklarini ham, o‘lganlarini ham qaytarish;
- G‘azo sektorini demilitarizatsiya qilish;
- Isroilning sektor ustidan nazoratini o‘rnatish;
- HAMASga aloqador bo‘lmagan muqobil fuqarolik boshqaruvini tashkil etish.
Vazirlar Mahkamasining mutlaq ko‘pchiligi hukumatga taqdim etilgan muqobil reja HAMASning mag‘lubiyatini ham, garovga olinganlarni qaytarishni ham ta’minlamaydi, deb hisobladi.
Isroilning 2023-yil 7-oktyabrda boshlagan hujumlari oqibatida G’azo sektorida allaqachon 60 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi. Sektorda gumanitar vaziyat og‘irlashgan, ocharchilik qurbonlari soni 193 nafarga yetgan, ularning 96 nafari bolalardir. So‘nggi qurbon 1 yosh-u 4 oylik Muhammad Asfour bo‘lib, u Nassr shifoxonasida bolalar uchun maxsus ozuqa yo‘qligi sababli vafot etgan.
Izoh (0)