14-noyabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan Liviya maxsus xizmatlari tomonidan ichida 259 kishi bo‘lgan samolyotning portlatilishi, Mi-5 foydasiga xizmat qilgan KGB polkovnigi hamda dunyodagi eng yosh orolning paydo bo‘lishiga oid faktlar o‘rin olgan.
Liviya maxsus xizmatlari tomonidan portlatilgan fuqarolik samolyoti
1991-yil 14-noyabr kuni AQSH va Britaniya hukumati Pan Am Flight 103 samolyotining halokatida aybdor deb topilgan ikki nafar Liviya razvedkasi xodimiga nisbatan hukmini e’lon qilgandi.1988-yil 21-dekabr kuni Buyuk Britaniya tarixidagi eng yirik teraktlardan biri sodir etilgan: Boeing 747-121 yo‘lovchi samolyoti havoda portlab ketib, Shotlandiyadagi Lokberi shahrida joylashgan dahalardan biriga kelib qulagan. Hodisa oqibatida 270 kishi halok bo‘lgan. Oradan bir necha yil o‘tgach, samolyot Liviya maxsus xizmatlari tomonidan portlatilgani aniqlangan: taxminlarga ko‘ra, buyruqni shaxsan Muammar Kaddafi bergan.
2000-yilda 26 yoshli Stiven Flanniganni poyezd urib yuboradi. U Lokberidagi bardan uyiga qaytayotgan edi — yarim kecha bo‘lgani bois u termiyo‘l orqali yurishga qaror qiladi. Sud-tibbiyot ekspertlariga ko‘ra, u qoqilib tushgan va boshi bilan yiqilib, rels ustida hushini yo‘qotgan. Poyezd mashinisti erkakni payqaganida juda kech edi. Oradan ikki kun o‘tgach, u shifoxonada o‘ziga kelmay vafot etgan.
Bir qarashda oddiy tuyulgan voqea Birlashgan Qirollikdagi eng nufuzli nashrlarning asosiy mavzusiga aylangan: “Lokberilik yetim” nomi bilan tanilgan insonning vafoti Flanniganlar oilasi o‘limiga sabab bo‘lgan dahshatli voqealar zanjiriga yakun yasagan.
Stiven birinchi fojiani 14 yoshida — Britaniya va butun dunyo bilan boshidan o‘tkazgan. 21-dekabrning qorli kechasida u singlisiga sovg‘a uchun tayyorlagan velosipedini sozlash uchun qo‘shni uyning garajiga borgan. Bir necha daqiqadan keyin shaharga Boeing qulagan va ulkan olovli shar bolaning ko‘z o‘ngida uning uyini “yutib yuborgan”.
“Men atom bombasining portlashini yodga soluvchi hodisaga guvoh bo‘ldim. Ulkan qo‘ziqorin ko‘rinishidagi alanga”, — deya eslaydi samolyot qulaganiga guvoh bo‘lgan ayollardan biri. Shaharning aksariyat aholisi nima sodir bo‘lganini hatto tushunmagan ham: avvaliga shaharda elektrostansiyada avariya sodir bo‘lgani va harbiy samolyot qulagani haqida mish-mishlar yurgan.
Samolyot korpusi yerga soatiga 800 kilometrdan ortiq tezlikda qulagan. Uning yonilg‘i bakida 90 tonna kerosin bor edi. Portlash bir nechta uyni poydevori bilan birga yo‘q qilib yuborgan, 20 dan ortiq binoga shu qadar qattiq zarar yetganidan ular buzib tashlangan, 500 metr radiusdagi temir to‘siqlar erib ketgan. Flanniganlar oilasidan tashqari Rojdestvoni nishonlashga tayyorgarlik ko‘rgan yana sakkiz kishi halok bo‘lgan. Frankfurtdan Detroytga uchayotgan samolyot bortida 259 kishi bor edi. Ularning hech biri omon qolmagan. Halok bo‘lganlarning 190 nafari AQSH, 43 nafari esa Buyuk Britaniya fuqarolari edi.
Keyingi bir necha kun davomida Lokberiga butun Britaniya va AQSHdan o‘z yaqinlarining jasadini tanish uchun odamlar kela boshlagan. Aholisi 2,5 ming kishini tashkil etadigan shahar butun rahm-shafqatini, insoniyligini namoyon etgan: volontyorlar marhumlarning qarindoshlari, politsiya va o‘t o‘chiruvchilar uchun ovqatlanish joylarini tashkil etgan. Ular kun-u tun ishlab, barchani issiq yegulik va qahva bilan ta’minlagan.
Aniqlanishicha, Shervud-kresentga 9,5 kilometr balandlikda portlagan Boeing Fyuzelyajining faqat bitta katta bo‘lagi kelib tushgan. Politsiyachilar va harbiylat 2 ming kvadrad kilometrdan ortiq hududni ko‘zdan kechirib, havo kemasining 10 mingdan ortiq bo‘laklarini topgan. Ular o‘shanda ilg‘or texnologiyalardan foydalangan: har bir metall bo‘lagi maxsus dasturga kiritilgan.
Mahalliy vaqt bilan soat 19:02 da ekipaj oxirgi marta aloqaga chiqqan. Shundan so‘ng, yuk bo‘lmasida portlash sodir bo‘lgan va bortning chap qismida diametri yarim metrga teng teshikni hosil qilgan. Ichki va tashqi bosim farqi dekompressiya portlashini yuzaga keltirgan — samolyot tezda qulay boshlagan. Ekspertlarning tasdiqlashicha, portlashdan keyin samolyotning tumshuq qismi ajralib tushgan — biroz vaqt u konserva bankasining qopqog‘i kabi ingichka metallda osilib turgan, keyin esa ajralib, dvigatellardan biriga urilgan va Lokberidan 15 kilometr uzoqlikdagi qishloq hududiga qulagan. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, uning ichida bo‘lgan ikki yo‘lovchi tirik qolgan — agarda ular vaqtida topilganida, omon qolgan bo‘lar edi.
Aviatsiya halokatlarini tergov qilish bo‘limi mutaxassislari boshqa maxsus xizmatlar bilan birgalikda topilgan dalillarni bir necha oy davomida o‘rgangan va 15 mingdan ortiq insonni so‘roq qilgan. Natijada “semteks” portlovchi qurilmasi Samsonite jigarrang chamadoni ichida bo‘lgani aniqlangan. Yuk Londondan Nyu-Yorkka yo‘lovchisiz uchayotgan bo‘lgan — kimdir unga kerakli yorliqni yopishtirgan va avtomatik lentaga joylashtirgan.
Liviyani bu vaqtda Muammar Kaddafi boshqarardi, yana bir boshqa dalil — chamadon ichida bomba bilan birga bo‘lgan, Maltada tayyorlangan kiyim ham ushbu mamlakat tomon eltardi. Tergovchilar chamadondagi kiyimlar xarid qilingan do‘kon egasini topgan, u gumonlanuvchini — teraktning asosiy ijrochisini tasvirlab bergan.
Tergovning yakuniy hisoboti 1991-yilda tayyor bo‘lgan va “Liviya aviatarmoqlari”ning ikki nafar xodimiga ayblov e’lon qilingan: Abdulbosit Ali Mahmud Al-Megraxiy va Lamin Xalifa Fimah. Ularning ikkisi ham Maltadagi Luki aeroportida ishlagan. Al-Megraxiy bundan tashqari Liviya razvedkasi xodimi bo‘lgan.
Terakt nima sababdan uyushtirilgani ochiqlanmagan. Kaddafining hujumni tashkillashtirishga bo‘lgan qiziqishi AQSHga qarshi dushmanlik kayfiyatining navbatdagi bosqichi bilan izohlanadi. U 1980-yillardagi qurolli to‘qnashuvlar bilan boshlanib, G‘arbiy Berlindagi La Bella tungi klubida Amerika harbiylarining portlatilishi bilan davom etgan.
AQSH va Buyuk Britaniya hukumati zudlik bilan Liviyaga qarshi sanksiyalar qo‘llab, gumonlanuvchilarning topshirilishini talab qilgan. Kaddafi uzoq vaqt sabr qilgan, ammo iqtisodiy bosimlar ostida yon bosishga majbur bo‘lib, 1999-yilda Al-Megraxiy va Fimahni britanlarga topshirgan. Liviya hukumatining talabiga ko‘ra, sud neytral hududda — Niderlandiyada o‘tkazilgan, biroq Shotlandiya qonunlari bo‘yicha.
Al-Megraxiy umrbod qamoq jazosiga hukm etilgan, tergov yetarlicha dalillarni topa olmagani bois Fimah qo‘yib yuborilgan.
Liviya o‘zining rasmiylari uchun mas’uliyatni 2003-yilda o‘z zimmasiga olgan va maxsus fond tuzib, 270 nafar qurbonning qarindoshlariga 10 million dollargacha tovon to‘lagan. Sanksiyalar yechilgan va ko‘pchilik Kaddafining yon bosishiga iqtisodiy manfaatlar sabab bo‘lganini ta’kidlagan.
Aka-uka Flanninganlar fojiadan bir necha yil keyin 2,1 million funt kompensatsiya olgan. Stiven o‘z ulushini biznesga tikkan. Akasi Devid esa bu pullarni “iflos” deya hisoblab, uni tezroq sarflashga kirishgan: sport mashinalari, alkogol va giyohvand moddalar. Biroq uning hayoti uzoq davom etmagan — 1993-yilda u Tailanddagi arzon xostelda o‘lik holda topilgan. Uning yuragi to‘xtab qolgandi.
Britaniya maxsus xizmatiga ishlagan KGB polkovnigi
1985-yilning 14-noyabr kuni Britaniya razvedkasi bilan hamkorlik qilgan KGB tashqi razvedkasi boshlig‘i Oleg Gordiyevskiy SSSRda sirtdan o‘limga hukm qilingan edi.O‘sha yilning 16-iyul kuni KGB polkovnigi Oleg Gordiyevskiy Kutuzov ko‘chasidagi non do‘koni qarshisida qo‘lida Safeway supermarket logotipi tushirilgan sumkani ushlab turardi. Uning yonidan Harrods sumkasini ko‘tarib olgan kishi o‘tib ketgan. U Gordiyevskiyga qarab, “Mars” batonchigini tishlagan. Bu SSSRdan sovuq urush davridagi eng yuqori martabali sotqin josusni olib chiqish bo‘yicha operatsiyaning boshlanishi edi.
Gordiyevskiy 15 yil davomida Buyuk Britaniya va Skandinaviyani KGBning Birinchi bosh boshqarmasi orqali boshqargan, tashkilotning Birlashgan Qirollikdagi rezidenti vazifasini bajargan va parallel ravishda Britaniyaning Mi-6 maxsus xizmatiga Ovation taxallusi ostida ishlagan.
Hozirda 83 yoshli Gordiyevskiy Britaniyada istiqomat qiladi va g‘arb maxsus xizmatlariga konsultatsiya berish bilan shug‘ullanadi. 2007-yilda u mamlakat milliy xavfsizligini ta’minlashdagi xizmatlari uchun Avliyolar Mixail va Georgiy ordeni bilan taqdirlangan.
Britaniya razvedkasiga ishlashni boshlagan va KGBning Daniyadagi bo‘linmasiga rahbarlik qilishga tayyorlanayotgan Gordiyevskiy xorijga uyushtirilgan ikkinchi xizmat safarida Leyla Aliyeva bilan tanishadi. “U Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti byurosida mashinistka, erkak esa KGB ofitseri va Mi-6 josusi edi”, — deb yozadi Makintayr.
Leyla Aliyeva ham xuddi Gordiyevskiy kabi maxsus xizmatlar agentlari oilasida dunyoga kelgan. Avvaliga ular o‘zlarining munosabatlarini yashirgan, bir oyda bir marotaba uchrashib turishgan. Sevishganlar mehmonxonalardan birida ko‘rishishgan, keyin esa ta’qiblardan xavotirlanib, alohida-alohida harakatlangan.
Ammo ularning hayoti avval boshidan yolg‘on ustiga qurilgan edi: Gordiyevskiy Leyladan ikki tomonlama agent ekanini yashirgan. 1978-yilda rezvedkachi Moskvaga qaytgan, keyingi yilda esa Aliyeva ham yetib kelgan. 1979-yili Gordiyevskiy ajrashgach, ular oila qurgan, ammo josus hayotidagi bor haqiqatni rafiqasiga baribir aytmagan.
1982-yilda Gordiyevskiy Aliyeva hamda ikki nafar qizi — Mariya va Anna bilan Londonga ko‘chib o‘tadi. Gordiyevskiy rezident lavozimida — Londondagi barcha sovet razvedkachilarining koordinatori bo‘lib ish boshlashga tayyorgarlik ko‘radi.
“KGBning Londondagi bo‘linmasi dunyodagi eng faol bo‘lib, Gordiyevskiy yuqori darajadagi maxfiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritishga tayyor edi. U yuzaga keladigan birinchi imkoniyatdayoq Mi-6 bilan qayta aloqa o‘rnatishni rejalashtirgan. Oleg Britaniya uchun Britaniya ichida josuslik qilishga kirishgandi. Shuningdek, u Mi-6 ga ‘o‘yindan chiqmoqchiligini’ aytishga tayyorlangan. Shu orqali u raqib tarafga to‘liq o‘tishi va ayoliga ikkitalik hayoti haqida so‘zlab berishi mumkin edi”, — deya ta’riflaydi muallif Gordiyevskiyning holatini.
Britaniyadagi faoliyati davomida Gordiyevskiy Mi-6 ning eng qadrli agentiga aylanadi. “Biz juda baxtli hayot kechirar edik”, — deya eslaydi josus. Biroq Leyla hamon o‘z erining asl hayotini bilmasdi. U bir necha bor rafiqasining yonida sovet rejimini tanqid qilgan, ammo har safar ayolning e’tirozlariga sabab bo‘lgan. Bir safar u xotinini g‘azablantirib, sovet rejimini jinoyatchi deb atagan: “Agarda bunga chora ko‘ra olmasang, gapirishdan ne naf?”, — degan ayol.
Leyla turmush o‘rtog‘ining ishidan xabar topgunga qadar Gordiyevskiyni Moskvaga chaqirib olishgan. Josus va uning kuratorlari bu tuzoq bo‘lishi mumkinligini tushungan, biroq Gordiyevskiyning o‘zi uchishga qaror qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Gordiyevskiyning britanlarga ishlashini sovet maxsus xizmatlariga 1985-yili KGB tomonidan og‘dirib olingan MRB xodimi Oldrish Eyms ma’lum qilgan. Gordiyevskiy Moskva aeroportida qo‘lga olingan va idora dachasiga olib borilib, “haqiqat vaksinasi” yordamida so‘roq qilingan. Uning ayoli ham bir necha kundan keyin Moskvaga chaqirib olingan.
Doimiy kuzatuv ostida bo‘lgan Gordiyevskiy ichishni boshlaydi. Moskvaga ketishdan oldin Mi-6 dagi uning kuratorlari qoshich rejasini ishlab chiqqandi. Josus agar bu rejani amalga oshirgudek bo‘lsa, o‘z aybini tan olgan hisoblanishi va oilasini xatarda qoldirishini tushungan.
Kunlarning birida u Leyla bilan balkonga chiqib, xotiniga turk—ozar chegarasi orqali SSSRdan qochishni taklif qilgan. “Ahmoq bo‘lma”, — degan ayol unga. Shunda Gordiyevskiy yolg‘iz qochishga majbur bo‘lishini anglab yetgan.
1985-yil 16-iyulda Pimlico nomli operatsiya boshlangan. Signal berilganidan to‘rt kun o‘tib, Gordiyevskiy yugurgani chiqqan va ortga qaytmagan. Ta’qibdan qutulgan razvedkachi Leningradga harakatlangan poyezdga o‘tirgan, u yerda Zelengorskka avtobusda yetib olgan. Avtobusdan tushgan agent diplomatik raqamlar taqilgan mashina kelishini kutgan. Avtomobilni Britaniya elchixonasi xodimi boshqargan, shuningdek, mashinada uning rafiqasi va yosh bolasi bor edi.
Mi-6 Finlyandiya chegarasida diplomatik missiya raqamlari taqilgan mashina tekshirilmaydi deb hisoblagan, biroq shunga qaramay, chegarachilarning itlari hidini bilmasligi uchun Gordiyevskiyni maxsus matoga o‘rashgan.
Sovet chegarachilari mashinani baribir to‘xtatgan. Itlar yukxonadan kelayotgan odam isini payqagan. Biroq qochoqni ishlatilgan pampers qutqarib qolgan. Haydovchi-diplomat chegarachilar bilan tortishib turganida, uning ayoli bolaning tagligini almashtirish kerakligini tushungan. U chaqalog‘ini mashinadan olib tushib, yukxona ustiga o‘tirg‘izgan va pampersni almashtirishni boshlagan.
Taglik hidi yukxonadagi odamdan chiqayotgan hidni to‘sib qo‘ygan va itlar tinchlangan. Bir necha daqiqadan keyin Gordiyevskiy Yan Sibeliusning “Finlyandiya” simfonik poemasi ovozini eshitgan — bu chegaradan o‘tilganini bildirardi.
Dunyodagi eng yosh orol
1963-yil 14-noyabr kuni Islandiyaning Isleifur II kemasi dengiz yuzasiga ko‘tarilayotgan qalin tutunga duch keladi. Kema voqea joyiga shoshadi: bortdagi baliqchilar qayin yonyapti deb o‘ylagan. Biroq tutun ortida fojia emas, aksincha, aqlbovar qilmas hodisa — Islandiyaning eng janubiy nuqtasida yangi yer paydo bo‘layotgandi.Dengiz ustidagi yer bo‘lagi Islandiyadagi vulqonning otilishi natijasida paydo bo‘lgan. Mazkur yerosti faolligi bir necha yil davom etgan: dastlabki haftada orolning uzunligi 1,5 kilometrga yetgan va sekin-asta kattalashib borgan. Hodisa to‘rt yildan keyin, vulqon yuz martalab otilgach, to‘xtagan. Natijada 1967-yili Atlantikada dengiz tubidan otilgan kul va lavadan iborat 2,7 kilometr maydonga ega orol paydo bo‘lgan. Orol skandinaviya mifologiyasidagi qahramon — olovli vulqon Surt sharafiga nomlangan.
Syurtseyning noodatiy tarixidan xabardorlar uning yuzasida vulqon bor deb hisoblaydi. Aslida bunday emas, ushbu quruqlik bo‘lagining o‘zi 1960-yillarda o‘chgan vulqon bo‘lib, u yana faollashishi dargumon. Umuman olganda, u maydoni 1200 kvadrat kilometrga teng Vestmannayyar suvosti vulqonlar kompleksining bir qismi hisoblanadi.
Maydoni 2,7 kvadrat kilometrga teng Syurtsey vulqon kulidan tashkil topgani bois okean oqimlariga bardosh berishga qiynalgan. Dastlabki yillarda eroziya shu qadar kuchli bo‘lganidan uning maydoni ikki barobarga qisqarib ketgan, hozirda u 1,4 kvadrat kilometrni tashkil etadi. Olimlar bu borada ijobiy prognozlarini bildiradi: eroziya ancha oldin sekinlashgan va keyinchalik u mazkur yangi yerga katta ta’sir ko‘rsatmaydi.
Gap shundaki, orol qirg‘oqlari avvaliga tefra qoldiqlaridan iborat bo‘lgan, ular esa juda mo‘rt va beqaror, suvda oson yuviladi. Masalan, Syurtsey paydo bo‘lganida uning yonida boshqa bir — Yolnir oroli ham hosil bo‘lgan, ammo yetarlicha barqaror emasligi bois bir necha oydan keyin okean oqimlari tomonidan yuvilib ketgan. Syurtsey bilan bunday bo‘lmaydi — uning markaziy qismlarida ancha qattiq vulqon jismlari joylashgan bo‘lib, ular hali yuz yillarga bardosh beradi.
Syurtseyning paydo bo‘lishi darhol olimlar diqqat markaziga tushgan. Axir u yerda paydo bo‘ladigan hayotni kuzatish mumkin edi. Tadqiqotlar uchun ko‘p vaqt talab etilmagan, quruqlikda tez orada mikroorganizm va bakteriyalar paydo bo‘la boshlagan.
Keyinroq ushbu quruqlikka hasharotlar uchib kelgan, dengiz suvlari umurtqasiz organizmlar va o‘simliklarni olib kelgan. 1965-yilda, Vestmannayyera vulqoni faolligi davom etayotgan bir paytda dastlabki o‘simliklar paydo bo‘lgan. 1980-yillar o‘rtasiga kelib ularning turi 20 ga yetgan. 1998-yili orolda birinchi buta — oq tol paydo bo‘lgan.
Islandiya orolni qo‘riqxona deya tan olgan, 2008-yilda u UNESCO ro‘yxatiga kiritilgan. Orol ochiq osmon ostidagi laboratoriya bo‘lgani bois u yerga tashrif buyuruvchilarning borishiga yo‘l qo‘yilmaydi, faqat samolyotdan turib kuzatish mumkin.
“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.
Izoh (0)