O‘zbekistonda kam ta’minlangan oilalarga 2025-yilning I choragida 19 milliard so‘mdan ortiq QQS qaytarildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

2023-yil 1-maydan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslar chakana savdo obyektlaridan mol, qo‘y va parranda go‘shti, tuxum va o‘simlik yog‘i sotib olganda xarid summasidan 1 foiz miqdordagi keshbek o‘rniga, 12 foiz QQS (ijtimoiy keshbek) summasini qaytarib olmoqda.
2025-yilning I choragida 168 146 nafar iste'molchiga 19,7 milliard so‘mga yaqin ijtimoiy keshbek to‘lab berildi.
Eng ko‘p ijtimoiy keshbek olgan hududlar:
- Toshkent shahri — 5,4 milliard so‘m;
- Samarqand viloyati — 2,2 milliard so‘m;
- Toshkent viloyati — 1,8 milliard so‘m.
Ijtimoiy keshbek haqida
O‘zbekistonda ijtimoiy reyestrga kirgan aholiga mol, qo‘y va parranda go‘shti, tuxum va o‘simlik yog‘i xarid qilganda qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarilishi haqida dastlab 2023-yilning martida prezident raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilingandi. Davlat rahbari bu orqali 2 milliondan ortiq oilaga yengillik yaratilishini qayd etgandi. O‘sha yilning 1-aprelida prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
Bugungi kunda QQS qaytariladigan mahsulotlar ro‘yxati quyidagicha:
- qo‘y go‘shti;
- parranda go‘shti;
- mol go‘shti;
- tuxum;
- o‘simlik yog‘i;
- un;
- shakar;
- dori vositalari;
- tibbiy xizmatlar.
QQS qaytarishda quyidagilar hisobga olinadi:
- xarid qilingan tovar QQS qaytariladigan mahsulotlar ro‘yxatiga kiritilgani;
- xaridor “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgani;
- tadbirkor QQS to‘lovchisi sifatida ro'yxatdan o‘tgani.
Keshbek olish uchun Soliq mobil ilovasida xarid chekining QR-kodini skaner qilish lozim.
Izoh (0)